French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"OKMK E’tirofi –2022”: rag‘bat muvaffaqiyatga yetaklaydi
19:41 / 2022-12-29

“Metallurg” madaniyat saroyida yoshlarga oid davlat siyosatining 2022 yildagi ijrosiga bag‘ishlangan "OKMK E’tirofi – 2022” bayram tadbiri o‘tkazildi.

Birinchi bor o‘tkazilayotgan tadbirda yil davomida turli tanlovlar va sport musobaqlarining g‘oliblari, sport arenalarida kombinat sharafini munosib himoya qilib kelayotgan sportchilar dastlab qizil yo‘lak orqali kirib keldi.  

Tadbirda so‘z olgan OKMK Boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov kombinatda yoshlar siyosati bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, sportchilarimizning jahon arenalarida erishayotgan yutuqlari haqida to‘xtalib, barchani Yangi yil bayrami bilan muborakbod etdi. Shundan so‘ng, “Kombinat nufuzini xalqaro maydonda e’tirof etilishida katta hissa qo‘shgan fidoyi yosh xodim” nominatsiyasi bo‘yicha Amir Abidov, Elyor Jumayev, Ulug‘bek Ro‘ziyev, Farhod Maksumovlar rag‘batlantirildi.  

Kombinatning yosh olimlari va mutaxassislari tomonidan joriy yilning 14-18 noyabr kunlari Koreya davlatida o‘tkazilgan 17-xalqaro yangi va nano materiallar simpoziumida bir qator ilmiy ishlanmalar namoyish etilib, taqdimotlar qilingan edi. Ularning sa’y-harakatlari evaziga Koreya Milliy Assambleyasi tomonidan OKMKga 15 milliard von miqdoridagi grant ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilindi. Bundan tashqari, joriy yilda Yoshlar ittifoqi tomonidan o‘tkazilgan kasb mahorati tanlovlari g‘oliblari “OKMK E’tirofi – 2022” statuetkasi hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.  

Shuningdek, “Yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda eng faol bo‘lgan korxona rahbari” sifatida Angren kon boshqarmasi direktori Abduxalloq Mirahmedov e’tirof etildi. “Yilning eng faol madaniyat xodimi” yo‘nalishida “Metallurg” MS direktori Sahobiddin Yunusaliyev g‘olib bo‘ldi. “Yilning eng faol Axborot xizmati xodimi” sifatida “OKMK TV” telestudiyasi bosh muharriri Shoira Matmurotova taqdirlandi. Ijtimoiy ob’ektlar boshqarmasi 39-MTT mudirasi Ozoda Kamolova “Yilning eng faol ayol xodimasi” deb topildi. OKMK nafaqat ishlab chiqarish sohasida balki sportda ham ko‘plab yutuqlarga erishmoqda.  

Bundan tashqari, sportning kurash, stol tennisi, shashka va og‘ir atletika turlari bo‘yicha xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari ham ushbu nominatsiya bilan rag‘batlantirildi. Sportchilarni yuksak marralarni zabt etishlarida albatta murabbiylarning o‘rni beqiyos. Tadbir davomida murabbiylar – Aleksandr Romanenko(pauerlifting), Bahodir Sheranov(kurash), Vladimir Mo‘minov(gandbol), Hasan Qayumov(gandbol), Aziz Teshaboyev(voleybol), Jahongir Xodjayev(basketbol) “Yilning eng faol sport murabbiyi” sifatida e’tirof etildi.  

Kombinat tarkibiy bo‘linmalarida mehnat qilayotgan yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan “Yoshlar spartakiadasi – 2022” sport musobaqasida Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi, Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasi, Mis boyitish fabrikasi jamoalari kuchli uchlikdan joy olgan edi. Ushbu jamoalarga Kubok va pul mukofotlari berildi.  

A. Musayev, O‘zA.