Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OKMK: elektron hujjat aylanish tizimi takomillashadi
18:35 / 2022-03-29

Shiddat bilan rivojlanib borayotgan texnika asrida raqamlashtirish kirib bormagan soha bo‘lmasa kerak.

Aynan raqamlashtirishning keng imkoniyatlari sabab kundalik turmushimizda qulayliklar yaratilayotgani ham sir emas. Ayniqsa, raqamlashtirishning texnologik ishlab chiqarish jarayoniga hamda hujjatlar bilan ishlashda joriy etilishi yuqori mehnat samaradorligini ta’minlamoqda. 

MTTU MISiS Olmaliq filialida tashkil etilgan Directum tizimi taqdimotida ham aynan raqamlashtirishning afzalliklari haqida so‘z bordi. Unda OKMK tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, mutaxassislar, ish yurituvchilar ishtirok etdi. OKMK boshqaruvi raisining raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari Abdulla Azizov kombinatda olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtaldi. Ishlab chiqarishga raqamlashtirishning joriy etilishi qator qulayliklar yaratish barobarida vaqt tejalishi, mehnat unumdorligi oshishiga xizmat qilishini ta’kidladi. 

Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi Axborot texnologiyalari xizmati yetakchi muhandis dasturchisi Shahnoza Abdullayeva Directum tizimi haqida ma’lumot berdi. 

– Directum – elektron hujjat aylanish tizimi bo‘lib, kombinatda ushbu tizim orqali barcha hujjat almashish ishlari raqamlashtirish imkonini beradi. Qog‘oz va hujjatlar bilan bog‘liq barcha jarayon elektron ko‘rinishga o‘tadi, – dedi Shahnoza Abdullayeva. 

– Har bir foydalanuvchiga hujjatlarga elektron imzo qo‘yish imkoni ham beriladi. Yana bir diqqatga sazovor jihati ushbu tizimning mobil ilovasi ham mavjud.  Undan hamma foydalanishi mumkin. Hozirda Yoshlik-1 koni loyiha ofisida ushbu tizimdan foydalanilmoqda. Ijro apparati ofis menejer bo‘limida ushbu tizim orqali yuqori turuvchi tashkilotlardan kelayotgan xat va hujjatlar, topshiriqlar ro‘yxatga olinib, loyiha ofisiga yuborilmoqda. Keyingi haftadan ijro apparatining boshqa bo‘limlari xodimlari ham bosqichma-bosqich o‘qitilib, ushbu tizimda ishlashni boshlaydi. Keyinchalik kombinat tarkibiy bo‘linmalari ham ushbu tizimdan foydalanishga o‘tkaziladi. Yangi tizimning yana bir afzalligi rahbarlar ham smartfon yoki planshet orqali tizimning mobil ilovasi orqali undan foydalana oladi. Mobil ilova rahbarlar va mutaxassislar uchun alohida variantlarda yaratilgan. 

Rahbar tizimga kirganida topshiriqni mutaxassisga yuboradi va uni bajarilishini ham nazorat qilish imkoniga ega bo‘ladi. Hozirda kombinatda elektron hujjat aylanishi Pegas tizimi orqali amalga oshirib kelinadi. Ushbu tizimning interfeysi rus tilida edi. Yangi Directum tizimining interfeysi esa o‘zbek tilida. Foydalanuvchi o‘zi istagan tilda ishlashi mumkin. Yangi tizimda hujjat aylanishini rahbar boshidan oxirigacha kuzatishi mumkin. Bir so‘z bilan aytganda hujjatning kelib tushishi, qay holatda ekanligini, tarixi tizimda aks etadi. 

Mazkur tizim Micros kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Taqdimot marosimida kombinatning ish yuritish jarayoniga avtomatlashtirish tizimini joriy etish loyihasi rahbari, kompaniya vakili Alisher Qayumov Directum tizimi bilan bog‘liq savollarga javob berdi. 

OKMK axborot xizmati