English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OKMK bunyodkorlari sharaflandi
13:08 / 2025-08-09

Ma’lumki, har yili mamlakatimizda avgust oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni sifatida nishonlab kelinadi.

Sana munosabati bilan Olmaliq shahrida o‘tkazilgan bayram tadbirida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa’di Shermatov kombinat bunyodkorlarini samimiy muborakbod etdi. Kombinat quruvchilari nafaqat sanoat balki ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish ishlarida ham faol ekanliklarini ta’kidlab o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanovning buyrug‘iga ko‘ra, 3 nafar soha vakili turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan rag‘batlantirildi. Shuningdek, 19 nafar quruvchiga faxriy yorliq, 42 nafariga qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi. “Metallurg” madaniyat saroyining ijodiy guruhlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Bugungi kunda kombinat tarkibida qurilish sohasi bilan bog‘liq Investitsiyalar va kapital qurilish departamenti, Kapital qurilish boshqarmasi, Loyiha ishlari boshqarmasi, Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi hamda “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti kabi bo‘linmalar faoliyat yuritib kelmoqda.

Kombinat bunyodkorlari tomonidan ayni kunlarda Angren shahrida “Dukent” madaniyat saroyi rekonstruksiya qilinmoqda. Jizzax viloyati, Zomin tumanida kombinat ishchi-xodimlari uchun sihatgoh barpo etilyapti. Bundan tashqari, kombinat quruvchilari Rux zavodida 6-sonli Sulfat kislotasi sexi qurilishida faol ishtirok etmoqda. Kovuldi koni negizida barpo etilayotgan yangi Oltin saralash fabrikasining qurilishi ham kombinat bunyodkorlari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi tomonidan yangi qurilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasining ishga tushirilishini jadallashtirish uchun fabrika ob’ektlarida texnologik uskunalarni eng murakkab qismlarini yig‘ish-montaj ishlarining ham bajarilayotganini alohida aytish lozim.

A.Musayev, O‘zA.