Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida “Ayollarni e’zozlash oyligi” doirasida “Rahbar bilan yoshlar va xotin-qizlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Unda “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov, kombinat yoshlari hamda faol xotin-qizlar ishtirok etdi. Uchrashuv avvalida mega loyiha doirasida barpo etilgan 3-Mis boyitish fabrikasi haqida film namoyish etildi.


Samimiy ruhda o‘tgan ochiq muloqot davomida ilm-fan, sport, axborot texnologiyalari, adabiyot, huquq sohalarida yutuqlarga erishgan xotin-qizlar so‘zga chiqishib, muvaffaqiyatga erishish sirlari o‘rtoqlashildi. Jumladan, “OKMK KIDS” platformasi mualliflari nomidan Ijtimoiy ob’ektlar boshqarmasi 22-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti uslubchisi Gavhar Jo‘rayeva dastur haqida taqdimot o‘tkazdi. Uning asosiy maqsadi — maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini zamonaviy raqamli yechimlar asosida metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘lib, u MTT xodimlari va pedagoglari uchun metodik materiallarni yagona tizimga keltirish hamda amaliy yordam taqdim etadi. Bolalarda OKMK faoliyati, kasblari va qadriyatlariga nisbatan ijobiy munosabatni shakllantiradi.
Tadbir davomida, shuningdek, Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi Ishlab chiqarish texnik bo‘limi birinchi toifali texnigi Zuhra Uralova “Zanglamaydigan po‘latlarni tozalash va passivlash pastasi” nomli ratsionalizatorlik taklifini taqdimot qildi. Zuhra opa va u kabi izlanuvchan mutaxassislar 2026-yilda ham korxonalardagi dolzarb muammolarni o‘rganib, samarali ratsionalizatorlik takliflarini berish ustida izlanmoqda.


Mazkur taklif jamoaviy ishlab chiqilgan bo‘lib, u import o‘rnini bosishi bilan ahamiyatli hisoblanadi. Logistika xarajatlari, qo‘shiladigan QQSni inobatga olsak, import mahsuloti ancha qimmatga tushadi. Mahalliy sharoitda OKMKda mavjud bo‘lgan komponentlardan va ularning optimal proporsiyalarini aniqlangandan so‘ng ratsionalizatorlik taklifi rasman taqdim etildi va qo‘llash uchun ruxsat olindi. Joriy etilgan pasta samaradorlik jihatidan import mahsulotdan qolishmaydi. Kombinat mutaxassislari taklif etayotgan mahsulot esa ancha arzon bo‘lib, valyuta mablag‘larini tejashga xizmat qiladi.
Muloqot davomida ko‘plab faol xotin-qizlar so‘zga chiqishib, hayotiy kechinmalari, yutuq-muvaffaqiyatlarini o‘rtoqlashdi.


Tadbirda so‘z olgan OKMK boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanov kombinat xotin-qizlarining texnologik ishlab chiqarish jarayonida erkaklar bilan tengma-teng mehnat qilayotgani tahsinga loyiq ekanligini ta’kidlab, yozuvchi va shoirlar qidirib yurgan zamonamiz qahramonlari aslida kombinat korxonalarida ekanligi haqida gapirdi. Kombinatda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida samarali ishlar yo‘lga qo‘yilgani, bugungi kunda olima ayollarning borligi, ular tomonidan ilgari surilayotgan innovatsion g‘oyalar ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq etilayotgani barchani g‘ururlantirishini aytib o‘tdi. Shuningdek, xotin-qizlarning kasbiy mahoratini oshirish va liderlik salohiyatini yuzaga chiqarish masalalari haqida fikrlashildi.
A. Musayev, O‘zA