Kombinat korxonalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli raqamlashtirish ishlari natijasida yuqori mehnat unumdorligiga erishilmoqda. Jumladan, ayni kunlarda raqamlashtirish doirasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida kon-transport majmuasini boshqarishning keng qamrovli avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish ishlari yakunlanish arafasida. Avtomatlashtirilgan kon-transport boshqaruv tizimi O‘zbekistondagi shu sohada birinchi loyiha bo‘lib, uning maqsadi ilg‘or raqamli texnologiyalar yordamida konlarda ishlash yondashuvini tubdan o‘zgartirishdan iborat.
"Raqamli O‘zbekiston – 2030" davlat strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan loyiha kombinatning ikki asosiy koni – "Qalmoqqir" va "Yoshlik-I"da unumdorlikni oshirish, foydalanish xarajatlarini kamaytirish va maksimal xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan. Loyiha doirasida 400 dan ortiq texnika vositasi turli xil sensorlar bilan jihozlandi. Xususan, "Qalmoqqir" konida 186 ta va "Yoshlik I" konida 240 ta ekskavatorlar, avtosamosvallar, burg‘ulash qurilmalari va boshqa yo‘l-qurilish texnikalari o‘z ish faoliyati haqidagi ma’lumotlarni "Karer" avtomatlashtirilgan kon-transport boshqaruv axborot tizimiga avtomatik tarzda uzatish imkoniyatiga ega.

– Tizim konlarda ishlarning bajarilishini 24/7 rejimida nazorat qilish, o‘zi ag‘daruvchi yuk mashinalarining qatnovlari soni va tashilgan tog‘ jinslarining hajmi haqida ishonchli ma’lumotlarni real vaqt rejimida olish, shuningdek, tezlik rejimi va ruxsat etilgan yuklanishni nazorat qilish orqali texnikaning ekspluatatsiya xarajatlari va yoqilg‘i sarfini kamaytirish imkonini beradi, – deydi "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" AJ raqamlashtirish departamenti direktori Aziz Roziqulov.
"Karer" avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimining funksional imkoniyatlari o‘zi ag‘daruvchi yuk mashinalari, ekskavatorlar, burg‘ulash qurilmalari va boshqa harakatlanuvchi ob’ektlarga o‘rnatilgan maxsus sensorlardan ma’lumot yig‘ishga asoslangan. Sensorlarning ko‘rsatkichlari, jumladan, kuzovning yuklanganlik darajasi, bakdagi yoqilg‘i miqdori, joylashuvi, tashilayotgan yukning og‘irligi va hatto burg‘ulash asboblarining yeyilish darajasini ham o‘z ichiga oladi. Barcha ma’lumotlar simsiz kanal orqali serverga uzatiladi. Shundan so‘ng, ushbu ma’lumotlar asosida analitik tizim keyinchalik tahlil qilish va tegishli qarorlar qabul qilish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan hisobotni tayyorlaydi.

"Aqlli karer" OKMKga transport logistikasini optimallashtirish imkonini beradi. Samosvallar va temir yo‘l tarkiblari harakat yo‘nalishlarini avtomatik belgilash uchun bort tizimlari bilan jihozlangan. Shuningdek, kondan yuklanadigan kon massasini tezkor hisobga olish tizimi joriy etildi. Bu yechim texnikaning to‘xtab turish vaqtini va sabablarini ko‘rsatgan holda avtomatik hisobga olishni, samosvallar kuzovida tashilayotgan yukning og‘irligini avtomatik aniqlashni, shuningdek, shinalardagi yonilg‘i va bosimni nazorat qilishni ta’minlaydi. Bundan tashqari, tog‘-kon sanoati sharoitida transport vositalaridan foydalanish xavfsizligini oshirish, shuningdek, haydovchi yoki operatorni diqqatni yo‘qotish va uxlab qolish holatlari haqida ogohlantirish uchun mo‘ljallangan haydovchilarning charchog‘ini nazorat qilish tizimi joriy etildi.


Tizim shuningdek, yuklab jo‘natilayotgan ma’dan sifatini boshqarish va zarur hisobotlarni shakllantirish imkonini beradi. Burg‘ulash dastgohlarini datchiklar bilan jihozlash esa haqiqiy burg‘ulangan quduqlar va ularning texnologik parametrlari bo‘yicha aniq ma’lumotlarni olish, to‘xtab turish vaqtini va burg‘ulash asboblarining sarfini hisobga olish imkonini beradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, intellektual karer samosval va ekskavatorlarning ish samaradorligini o‘rtacha 10 foizga, ularning o‘rtacha tezligini 5 foizga va yuklanishini 20 foizgacha oshirish imkonini beradi. Ushbu loyiha nafaqat mintaqadagi eng yirik mis ishlab chiqaruvchi sifatida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining yetakchilik mavqeini mustahkamlaydi, balki O‘zbekistonning butun tog‘-kon sanoatini raqamli transformatsiya qilish uchun yangi standartni belgilaydi.
OKMK axborot xizmati