Finlyandiya Respublikasi Hamkorlikni rivojlantirish va tashqi savdo vaziri Ville Skinnari boshchiligidagi delegatsiya ayni kunlarda mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Finlyandiya kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya 21 fevral kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga keldi.
Finlyandiyaning eng yirik transmilliy kompaniyalari vakillari mamlakatimiz tadbirkorlari bilan o‘zaro tajriba almashish, mutaxassislar tayyorlashda innovatsion texnologiyalarni joriy etish, kon-metallurgiya sohasini rivojlantirishda yangi ilg‘or texnologiyalarni olib kirishni maqsad qilishgan.
Mehmonlar dastlab kombinatning Qalmoqqir va “Yoshlik-1” konlari faoliyati bilan tanishdi. Finlyandiya delegatsiyasi va OKMK rahbariyati o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: kombinat bilan bir necha yildan buyon Finlyandiyaning Metso Outotec kompaniyasi bilan hamkorlik qilib keladi. Ushbu kompaniya konchilik va metallurgiya sohasi uchun eng zamonaviy uskunalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan. Metso Outotec Kombinat bilan 3-Mis boyitish fabrikasiga texnologik uskunalar yetkazib berish bo‘yicha 100 million yevrolik shartnoma imzolagan. Shuningdek, yangi barpo etiladigan Metallurgiya kompleksi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha mazkur kompaniya bilan hamkorlik shartnomasi tuzilgan. 3-Mis boyitish fabrikasi hamda Rux zavodi hududidagi 6-sonli sulfat kislotasi sexi va Metallurgiya kompleksining qurilishini jadallashtirish bo‘yicha kombinatda Metso Outotec kompaniyasining muvofiqlashtiruvchi guruhi tashkil etilishi belgilangan.
OKMK Axborot xizmati,
O‘zA