Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OKMK 2025 yilda barcha ishlab chiqarish rejalarini to‘liq bajardi
14:31 / 2026-01-10

2025 yilda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) tomonidan barcha ishlab chiqarish reja va prognoz ko‘rsatkichlari to‘liq bajarildi.

Bu haqda kombinat Axborot xizmati boshlig‘i Umida Qarshiboyeva 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2026 yil uchun belgilangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan brifingda ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yil yakunida sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 51,6 trln so‘mni tashkil etib, yillik prognoz 119 foizga bajarilgan. O‘sish sur’ati 134,5 foiz bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 13,2 trln so‘mlik qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarilganini anglatadi.
Mahsulot turlari kesimida qaralganda, joriy yilda 148,5 ming tonna mis ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 11,1 ming tonnaga ko‘pdir. Shuningdek, oltin va kumush ishlab chiqarish bo‘yicha ham prognoz ko‘rsatkichlari oshig‘i bilan bajarildi.

So‘nggi to‘qqiz yillik davr tahliliga ko‘ra, 2016 yilga nisbatan mis ishlab chiqarish 140,8 foizga, oltin 139,8 foizga, kumush esa 163,5 foizga oshgan.

Investitsiya loyihalari doirasida 2025 yil 27 mart kuni 3-Mis boyitish fabrikasida birinchi konsentrat olindi. Fabrika yil davomida sinov rejimida ishlab, 130 mln dollarlik mahsulot ishlab chiqardi. Jumladan, 58 mln dollarlik oltin, 4,85 mln dollarlik kumush va 65,9 mln dollarlik mis mahsulotlari ishlab chiqarildi.

Investitsiya dasturlari doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy kreditlar hajmi 600,2 mln dollarni tashkil etdi. Shuningdek, ohak zavodida bitta, mis eritish zavodining nodir metallar sexida ikkita aylanma pech foydalanishga topshirildi, yangi portlovchi moddalar zavodi ishga tushirildi.

2025 yilda kombinat tomonidan davlat byudjetiga 23,57 trln so‘m to‘lov amalga oshirildi. Bu 2024 yilga nisbatan 4,2 trln so‘mga ko‘pdir.
Operatsion xarajatlarni qisqartirish hisobiga 1,9 trln so‘m tejamkorlikka erishilib, mahsulot tannarxi 11,8 foizga pasaytirildi. Eksport hajmi esa 510,4 mln dollarni tashkil etib, prognoz 104,2 foizga bajarildi.

Shu bilan birga, mahalliylashtirish dasturi doirasida 1,31 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha xaridlar hajmi 4,2 trln so‘mga yetkazildi.

2025 yilda raqamlashtirish, avtomatlashtirish va sun’iy intellekt tizimlarini joriy etish doirasida 26 ta loyiha ishga tushirildi. Qalmoqqir va “Yoshlik I” konlarida kon-transport boshqaruvi, videotahlil hamda xavfsizlikni oshirishga qaratilgan zamonaviy tizimlar joriy etildi.

O‘zA