XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasida amerikaliklarni uchratish g‘oyat noyob hodisa edi. Peterburg va Turkiston general-gubernatorligi ma’muriyati okean ortidan kelgan sarmoyadorlar hamda savdo-sanoat vakillarini Rossiya imperiyasining O‘rta Osiyodagi iqtisodiy manfaatlariga raqib sifatida ko‘rar, shu bois ularning o‘lkaga kirishiga jiddiy to‘siqlar qo‘yilardi.
Sharq mamlakatlaridan kelgan savdogarlarga qo‘llanilmaydigan byurokratik to‘siqlar amerikaliklar uchun odatiy hol edi. Biroq taqdir taqozosi bilan barmoq bilan sanarli darajada kam bo‘lsa-da, ayrim amerikaliklar nafaqat O‘zbekistonga kirib keldilar, balki uning madaniyati, sporti va qishloq xo‘jaligi rivojiga hissa qo‘shib, xalqimizning bir qismiga aylandilar.
Toshkentliklar uchun afsonaga aylangan ilk amerikalik — Nyu-Yorkning chekka hududidan chiqqan bokschi Sidney Jekson (1886–1966) edi. Keyinchalik u O‘zbekistondagi ilk boks maktabining asoschisi sifatida tarixga kirdi. Uning Toshkentga kelib qolishi kinofilm ssenariysini eslatadi: Angliyadagi musobaqalardan so‘ng jamoadoshi Frenk Jil bilan Moskvaga gastrolga kelgan Sidney, Birinchi jahon urushi boshlanishi sababli G‘arbga qayta olmay qoladi. O‘sha vaqtda yagona xavfsiz yo‘l Afg‘oniston orqali o‘tgani bois, ular Toshkentga yo‘l olishadi. Biroq Toshkent pochtasiga kutilgan mablag‘ faqat Frenk nomiga keladi, Jeksonning oilasi esa qashshoq bo‘lgani uchun yordam bera olmaydi. Shu tariqa, u Toshkentda Yaushevlarning tikuvchilik korxonasiga ishga kirish barobarida mahalliy aholiga boks sirlarini o‘rgata boshlaydi.
Sidney Jeksonning hayotidagi yorqin sahifalar sobiq Buyuk knyaz Nikolay Romanov saroyida bolalar uchun sport to‘garagi tashkil etilishi bilan bog‘liq. O‘sha davrda Moskvada ham topilmaydigan haqiqiy boks ringini Jekson o‘z o‘quvchilari bilan birga qo‘lbola usulda – kigiz, yog‘och va ot qilidan yasaydi. U nafaqat boks, balki suzish bo‘yicha ham murabbiylik qiladi. Uning qo‘lida tarbiyalangan shogirdlar orasida to‘rt nafar Qahramon unvoni sohiblari, jumladan, Buxenvald lagerida nemis bokschilarini mag‘lub etgan Andrey Borzenko kabi jasorat egalari bor edi. Jekson issiq iqlim sharoitida sportchilarni tayyorlash metodikasini ilmiy asosda ishlab chiqqan birinchi mutaxassis bo‘lib, uning maktabi bugungi kunda O‘zbekistonning jahon arenasidagi “boks derjavasi” maqomining ilk poydevorini qo‘ygan edi.
O‘zbekiston tarixidagi yana bir o‘ziga xos guruh – 1930-yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun taklif etilgan afroamerikalik mutaxassislardir. Ular orasida Oliver Jon Golden (1887–1940) va uning rafiqasi Berta Golden alohida ajralib turardi. AQSHda irqiy kamsitishlar va politsiya ta’qibidan qochgan bu oila uchun O‘zbekiston ikkinchi Vatanga aylandi. Missisipida tug‘ilgan, qullar avlodidan bo‘lgan Oliver Golden Alabama shtatidagi Taskigi institutida egallagan bilimlarini Toshkent yaqinidagi seleksiya stansiyasida qo‘lladi. Uning rahbarligidagi guruh O‘zbekistonda ilk bor g‘o‘za parvarishining yangi usullarini joriy etdi va an’anaviy Amerika parrandalari – kurka hamda o‘rdakchilikni rivojlantirishga hissa qo‘shdi. Ularning do‘sti, amerika futboli yulduzi Jorj Tayns (1908–1982) esa keyinchalik O‘zbekistonda suv parrandalari bo‘yicha ko‘plab ilmiy ishlar qildi va davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi.
Bu insonlarning taqdiri O‘zbekistonning murakkab tarixiy davrlari bilan chambarchas bog‘lanib ketdi. 1937 yilgi qatag‘on davri Goldenlar oilasini ham chetlab o‘tmadi. “Xalq dushmanlari” qidirilayotgan bir paytda, Oliver Golden o‘ziga xos jasorat ko‘rsatib, Ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD) idorasiga boradi va agar uni josuslikda gumon qilishayotgan bo‘lsa, hibsga olishlari mumkinligini aytadi. U baxtli tasodif tufayligina omon qoladi, ammo do‘stlari Fayzulla Xo‘jayev va Muhitdin qori Yoqubovlarning qamalishi uni ruhan cho‘ktiradi. U 1940 yilda vafot etadi. Uning rafiqasi Berta Golden Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘zining butun jamg‘armasini – 6 ming dollar malag‘ini tank qurilishi uchun hayriya qiladi va Toshkent radiosida ingliz tilida eshittirishlar olib borib, xalq dardiga sherik bo‘ladi. Ularning qizi, bo‘lajak jamoat arbobi va olima Liya esa shu zaminda tug‘ilib, voyaga yetdi.
Mavzuni yoritishda qisqa muddatga kelib ketgan, ammo o‘lka haqida qimmatli ma’lumotlarni qoldirgan boshqa amerikaliklarni ham unutmaslik lozim. Masalan, 1873 yilda Rossiya imperiyasining Xiva xonligiga bosqinida qatnashgan amerikalik harbiy jurnalist Yanuariy Aloiziy Mak-Gaxan o‘zbek xalqining urf-odatlari va musiqa asboblari haqida noyob qaydlarni yozib qoldirgan bo‘lsa, yozuvchi-jurnalist Anna Luiza Strong va shoir Lengston Xyuz o‘z asarlarida o‘tgan asrning 20–30-yillaridagi O‘zbekiston hayotini tasvirlaganlar. Ularning kuzatuvlari o‘sha davrdagi ijtimoiy o‘zgarishlarni xolis baholash uchun manba bo‘lib xizmat qiladi. Xususan, Strong xonimning 1945 yilda nashr etilgan kitobida o‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushi yillaridagi matonati alohida e’tirof etilgan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Sidney Jeksonning charm qo‘lqoplaridan tortib, Oliver Goldenning paxta dalalaridagi izlanishlarigacha – bularning barchasi xalqimiz tarixining bir bo‘lagidir. Zero, Amerikadan O‘zbekistonga kelib, bu yerni o‘zlari uchun ikkinchi Vatan deb bilgan bunday insonlar o‘z taqdirini o‘zbek xalqining quvonchi va tashvishi bilan bog‘lagan edilar.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA