Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Okean orti mamlakatida o‘zbek sporti kurash kuni nishonlandi
15:15 / 2026-02-24

Kuni kecha, ya’ni 23-fevral kuni okean orti mamlakati – Dominikan Respublikasida o‘zbek sporti kurash kuni nishonlandi.

Ushbu sana munosabati bilan kurash sportining texnik-taktik jihati, uning tarixi, kelib chiqishi, qonun-qoidasi to‘g‘risida ma’ruzalar, ommaviy sayllar, hakamlik va murabbiylik seminarlari, shuningdek kurashchilarning ko‘rgazmali chiqishlari amalga oshirildi.

Hakamlar “gilam”, ta’zim”,  halol”, “tanbeh”, “to‘xta”, “bekor” kabi o‘zbekona iboralarni o‘zida jamlagan iboralar bilan bellashuvlarni boshqardi. Ko‘k va yashil yaktakdagi sportchilar tomoshabinlarga kurashning jozibali usullarini namoyish etdi.

Aytish lozim, Dominikan Respublikasida bundan sakkiz yil muqaddam, ya’ni 2018-yil 23-fevralda kurash federatsiyasi tashkil etilgan bo‘lib, shundan beri ushbu mamlakatda o‘zbek sporti kurash bo‘yicha ichki chempionatlar, birinchiliklar, turnirlar muntazam o‘tkazib kelinadi. 23-fevral sanasi an’anaviy tarzda kurash kuni sifatida nishonlanadi.

Kurash bo‘yicha Dominikan Respublikasi milliy terma jamoasi 1998-yildan Osiyo, Yevropa, Afrika va Amerika qit’asida tashkil etib kelinayotgan musobaqalarda muntazam qatnashib kelmoqda.

— 2004-yilda Pan Amerika chempionatiga, 2006-yilda esa o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qildik. Mamlakatimiz bir necha yildan buyon Pan Amerika chempionatlarini muntazam qabul qilib kelmoqda. Shu bilan birga, milliy chempionatlar, hakamlik va murabbiylik kurslari doimiy ravishda tashkil etilmoqda. Xalqaro maydondagi yutuqlar orasida 2023-yil Turkmanistonning Ashxobod shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida terma jamoamiz a’zosi Audreya Puyello Perez tomonidan qo‘lga kiritilgan oltin medal alohida e’tirofga loyiq. Shu o‘rinda kurashdek jozibali sport turini dunyo sportchilariga tortiq etgan O‘zbekistonga, uning mehmondo‘st xalqiga minnatdorlik bildiraman, — deydi Dominikan kurash federatsiya prezidenti doktor Agustin Karaballo Jimenez.

Bu, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilanganidek, mardlik, jasurlik, vatanparvarlik, gumanizm g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan milliy sportimiz kurashni ommalashtirish, dunyoga tanitish hamda umumjahon durdonasiga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli sa’yi-harakatning xalqaro aks-sadosi, deyish mumkin.

Shu bilan birga, Amerika qit’asining Dominikan mamlakatida kurash sporti kunining alohida nishonlanishi milliy qadriyatlarimizning, jahon maydonida yorqin namoyon bo‘layotgan yangi O‘zbekistonning tantanasi, xalqaro sport jamoatchiligining vatanimizga ehtiromi, ota-bobolarimizdan meros an’analarga chuqur hurmati ekanligi bilan ahamiyatlidir.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA