Okean rivojlanayotgan mamlakatlarga innovatsion va barqaror iqtisodiyotni shakllantirish uchun keng imkoniyat ochishi mumkin, ammo iqlim o‘zgarishi, tabiat ifloslanishi va ortiqcha baliq ovlash oziq-ovqati va daromadi okeanga bog‘liq uch milliard odamning yashab qolishiga tahdid solmoqda. Bu haqda BMT Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (YUNKTAD) tomonidan yaqinda e’lon qilgan, 3-6 milliard dollarga baholangan global okean iqtisodiyoti tahlil qilingan hisobotda aytiladi.
Hujjatda, shuningdek, inson faoliyati va global inqiroz iqtisodiyotning baliqchilik, dengiz mahsuloti, suv va qirg‘oq turizmi kabi tarmoqlariga qanday ta’sir qilgani tahlil etilgan.
Hisobotda sayyoradagi barcha tirik organizmning 80 foizi yashaydigan okeandan barqaror foydalanish uchun global yashil iqtisodiyot savdosi va sarmoyaviy kelishuviga chaqiriladi.
“Okean iqtisodiyoti ko‘plab imkoniyatlarni ochib beradi. Biz okeandan foydalanish va okean resurslarini himoya qilish o‘rtasida to‘g‘ri muvozanatni topishimiz kerak”, dedi YUNKTAD Bosh kotibi o‘rinbosari Pedro Manuel Moreno.
Yangi imkoniyat
Hisobotda barqaror rivojlanish uchun eng istiqbolli ikki tarmoq – dengiz o‘ti yetishtirish va yelim idish o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish alohida qayd etilgan.
Jahon dengiz o‘tlari bozori yigirma yil ichida uch barobardan ko‘proq, ya’ni 2000 yildagi 4,5 milliard dollardan 2020 yilga kelib, 16,5 milliard dollargacha o‘sdi.
Dengiz o‘ti o‘sishi uchun toza suv yoki o‘g‘it kerak emas, deydi ekspertlar. Bunday o‘simliklar rivojlanayotgan mamlakatlarda oziq-ovqat, kosmetika va biologik yoqilg‘i uchun hamda plastmassaga muqobil modda sifatida yetishtirilishi mumkin.
Har yili okeanga 11 million tonna yelim idish tashlanmoqda
YUNKTAD hisobotiga ko‘ra, biz har kuni iste’mol qiladigan oziq-ovqat o‘rami va plastik mahsulot tayyorlash uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan bambuk, Hindiston yong‘og‘i po‘chog‘i, banan, qishloq xo‘jaligi chiqindisi kabi boshqa ko‘plab barqaror materiallar ham mavjud.
2020 yil dunyo bo‘ylab, taxminan, 388 milliard dollarlik plastik o‘rnini bosuvchi mahsulot sotilgan, ammo bu qazib olinadigan yonilg‘idan tayyorlangan yelim idish savdosining atigi uchdan bir qismini tashkil etadi.
Rivojlanayotgan okean sanoatiga kiritilgan investitsiya rivojlanayotgan mamlakatlarga okean eksportini diversifikatsiya qilishda yordam beradi. Dengiz mahsuloti va port uskunasi hamda xizmatlar, jumladan, dengiz va qirg‘oq turizmi kabi okean tovarlari global eksporti qiymati 2020 yil 1,3 trillion dollarga baholanmoqda.
Hukumatlar inqirozdan chiqish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi oqibatini yumshatish va vaziyatga moslashish uchun turfa xil va barqaror okean iqtisodiyotini rivojlantirishga ko‘maklashishi kerak, deyiladi hisobotda.
Biologik xilma-xillikni muhofaza qilish
Hisob-kitobga ko‘ra, dunyo bo‘ylab baliqchilik uchun davlat subsidiyasi 35 milliard dollarni tashkil qiladi. Dunyodagi baliq zaxirasining 34 foizi biologik barqaror darajadan past ekan. Shu bois hisobot mualliflari mamlakatlarni o‘tgan yil 17 iyunda qabul qilingan Jahon savdo tashkilotining baliqchilikni subsidiyalash to‘g‘risidagi bitimini zudlik bilan ratifikatsiya qilishga chaqirgan.
Shartnoma noqonuniy va tartibga solinmagan baliq ovi, ortiqcha baliq ovlash qo‘llab-quvvatlanishini taqiqlaydi va ochiq dengizda baliq ovlash uchun subsidiyani to‘xtatadi. Mazkur hujjat JSTga a’zo 164 mamlakatning uchdan ikki qismi “rozilik hujjati”ni depozitga topshirgandan so‘ng kuchga kiradi.
YUNKTAD hisoboti, shuningdek, hukumatlarni 2023 yil 4 martdagi Milliy yurisdiksiyadan tashqaridagi okean hududida dengiz bioxilma-xilligini muhofaza qilish to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish va ratifikatsiya qilishga ham chaqiradi. Ushbu kelishuv dengiz biologik resurslaridan keladigan foydani adolatli, teng taqsimlash vositasini yaratadi va okeanda xalqaro muhofaza qilinadigan hududlarni barpo etadi.
To‘rt barqaror yechim
“Yangi yo‘lni bosib o‘tish va barqaror okean iqtisodiyotini qurish uchun investitsiyani ko‘paytirish vaqti keldi”, deyishmoqda ekspertlar.
Masalan 2,8 trillion dollarlik sarmoya to‘rt barqaror okean yechimiga jalb qilinsa, 2050 yilga kelib 15,5 trillion dollar sof daromad olsa bo‘lar ekan. Bu yechimlar quyidagilar: o‘rmonlarni saqlash va qayta tiklash, xalqaro yuk tashishni dekarbonizatsiya qilish, barqaror okean oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va ochiq dengizda shamol energetikasini rivojlantirish. Iqtisodiyotning ushbu yo‘nalishlari mamlakatlar uchun ham, sohil bo‘yida istiqomat qilayotgan odamlar uchun ham va nihoyat, jahon iqtisodiyoti uchun ham ulkan istiqbol va’da qilishi shubhasiz.
Internet materiallari asosida
S.Rahimov tayyorladi.
O‘zA