Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OITSga qarshi targ‘ibot ishlari yanada kuchayadi
21:01 / 2023-11-28

Butunjahon spidga qarshi kurash kuni oldidan Andijon viloyati OITSga qarshi kurash markazi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Bobur nomidagi Andijon viloyati axborot-kutubxona markazida sana munosabati bilan “Sog‘lom hayot sari – birgalikda” shiori ostida o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlari, umuman, viloyatda kasallik yuqishi va tarqalishining oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan tashkil etilgan tadbirda viloyat OITSga qarshi kurash markazi mutasaddi va mutaxassislari, hamkor tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, axborot xizmatlari vakillari, bloger va ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etdi.  

Anjumanda Andijon viloyati OITSga qarshi kurash markazi bosh shifokori Bahromjon Qorayev viloyatdagi OIV infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik vaziyat, joriy yilning o‘tgan davrida kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha olib borilgan ishlar, erishilgan natijalar haqida ma’lumotlar berdi.  

– Markazimizda klinik, immunologik va PZR tahlillar olish yo‘lga qo‘yilgan, – deydi Markaz bosh shifokori B. Qorayev. – Umuman, 20 dan ortiq turdagi laborator tekshiruvlar amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda olib borilgan ishlar natijasida aholini OIV infeksiyasiga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish ko‘rsatkichi 200 ming nafardan 300 ming nafarga ortdi. Tekshiruvlarga OIV epidemiyasiga salbiy ta’sir etuvchi xavf guruhlar (tibbiyot xodimlari, nikohlanuvchilar, donorlar, homiladorlar) ni qamrab olish yuz foizga yetkazildi.  

Bundan tashqari, ayni kunda diskordant juftliklarni davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ya’ni OIV infeksiyasiga tekshirish bilan to‘liq qamrab olish uchun qator chora-tadbirlar belgilanib, ularni amalga oshirish uchun hamkor tashkilotlar bilan birgalikda zarur ishlar olib borilmoqda.  

Jumladan, keyingi yillarda kasallikning onadan bolaga yuqish darajasi 2,3 foizdan 0,7 foizga tushirilgan, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida kasallanish uch baravardan ko‘proq kamaygan.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 yanvardagi “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida “Aholi orasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlangan.

[gallery-14804]

Mazkur dastur hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan ilgari surilgan “95-95-95” strategiyasida mazkur yo‘nalishda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan qator vazifalar belgilangan. Xususan, 2030 yilga borib OIV epidemiyasiga barham berish bo‘yicha aholi orasida OIV infeksiyasi profilaktikasini kuchaytirish va zararlanganlikni aniqlash bo‘yicha tekshiruvlar qamrovini oshirish, aholi orasida OIV infeksiyasini faol aniqlash maqsadida OITSga qarshi kurash markazlari va tumanlararo diagnostika laboratoriyalarini so‘nggi avlodga mansub diagnostik test-tizimlar bilan uzluksiz ta’minlash, OIV infeksiyasi yuqishi va tarqalishi ehtimoli yuqori bo‘lgan guruhlardan aholiga OIV infeksiyasining tarqalish zanjirini uzish maqsadida ushbu guruhlar orasida OIV infeksiyasini faol aniqlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar va amaliy ishlar olib borilayotganligi qayd etildi.  

Jumladan, “95-95-95” strategiyasida uch ko‘rsatkich bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida OIV bilan yashovchi shaxslarni dispanser nazoratiga olish 98 foizga, ularni ARVT bilan qamrash 82 foizga va virus yuklamasi “aniqlanmadi” darajasiga yetkazish ishlari  64 foizga yetkazildi.  

Yurtimizda, shu jumladan, Andijon viloyatida 2027 yilga borib OIV yuqtirib olgan shaxslarning 95 foizi o‘z maqomini bilishi, maxsus davolash kurslari bilan qamrab olinishi, 95 foizining qonida virus belgisi aniqlanmaydigan darajaga tushishi rejalashtirilmoqda. Shu vaqtga kelib virusning onadan bolaga yuqishiga ham to‘la barham berish ko‘zda tutilgan.  

Shuningdek, anjumanda kasallikning yuqishi va tarqalishida mehnat migrantlari, ya’ni xorijda ishlab qaytganlar hamda sha’riy nikoh bilan oila qurganlar ko‘proq sababchi bo‘lib qolayotganligi qayd etilib, ana shu yo‘nalishdagi amaliy va targ‘ibot ishlarni yanada kuchaytirish, ichki ishlar, mahalla, diniy idoralar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi aytib o‘tildi.

Tadbirda viloyatda OIV infeksiyasi xastaligining yuqishi, tarqalishining oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar natijasida keyingi yillarda ushbu xastalik bilan kasallanish holatlari birmuncha kamaygan bo‘lsa-da, yangi-yangi kasallanish holatlarining qayd etilayotganligi mazkur yo‘nalishdagi ishlar, ayniqsa, targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish muhimligi alohida qayd etildi.  

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar qaytarildi.

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari