Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OITSga qarshi kurashish har bir insonning vazifasi
11:35 / 2025-11-27

Odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV) kasalligi tarqalishiga qarshi kurashish nafaqat mamlakatimizda, balki dunyo miqyosida hamisha dolzarb masala bo‘lib kelgan.

1981 yil ilk bor ushbu kasallik borligi qayd etilgan kundan e’tiboran dunyo miqyosida ming-minglab insonlar bedavo kasallik tufayli aziyat chekmoqda.

Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari, "Temurbeklar maktabi" hamda Respublika harbiy musiqa akademik litseyi o‘quvchilari ishtirokida "1 dekabr — Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni" munosabati bilan tashkil etilgan ma’rifiy tadbirda shu haqda so‘z bordi.

OITS shunday bir qotilki, u na jins, na irq, na millat va na chegara biladi. Undan himoyalanish uchun eng avvalo shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish va mas’uliyatli xulq-atvor muhim ahamiyat kasb etadi. OITSga qarshi kurashish har bir insonning vazifasi ekani muhokamalar davomida ta’kidlandi.  

Tadbirda dunyoda inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan turli xil kasalliklar borligi qayd etildi. Ammo shunday kasalliklar borki, uning nomi kasallik keltiradigan zarardan og‘irroq, azobliroqligi, bu dardga chalingan insonlar qaysidir ma’noda o‘zini jamiyatdan uzilib qolganday his qilishi, bu kasallik jahonda millionlab insonlarning umriga zomin bo‘layotgani haqida to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, OITSga qarshi kurashda har bir fuqaroning hushyorligi va ongli yondashuvi muhim ekani, yurtimizda ma’naviy qadriyatlarimizga zid, kelajak avlodlar salomatligiga jiddiy rahna soladigan illatlarga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.

Tadbir davomida vizual materiallar namoyish etilib, kasallik haqida keng jamoatchilik orasida uchraydigan noto‘g‘ri qarashlar tahlil qilinib, ularga ilmiy asoslangan izohlar berildi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA