Jizzax shahrida Oliy sud tashabbusi bilan “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik hamda shahvoniy shilqimlik qilish bilan bog‘liq jinoyatlar va ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar, ularning yechimlari va kelgusidagi vazifalar” mavzusida seminar tashkil etildi.
Tadbirda sudyalar, prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlari, shuningdek, viloyat hokimligi huzuridagi oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi Jizzax viloyati boshqarmalari rahbar va mas’ullari ishtirok etishdi.

Seminar davomida oilaviy zo‘ravonlikning asosiy sabablari, uni barvaqt aniqlash hamda oldini olish mexanizmlari atroflicha muhokama qilindi.
Jizzax viloyati sudi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi R. Orziqulov raisligida o‘tkazilgan tadbirda Oliy sud sudyasi M. Ababakirov sud amaliyotidagi kamchiliklar va tergov jarayonidagi muammolar haqida so‘zlab berdi. U sud, prokuratura va ichki ishlar organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Mahalla darajasida profilaktika ishlarini samarali tashkil etish, jinoyatlarni barvaqt aniqlash va ularga tezkor chora ko‘rish hamda ijtimoiy xizmatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligi tadbirda ko‘p marta qayd etildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan joriy etilgan reabilitatsiya markazlari, vaqtinchalik boshpana maskanlari hamda Call-markazlar orqali jabrlanuvchilarga huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish tizimi ham jiddiy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, jamiyatda oilaviy zo‘ravonlikka nisbatan mutlaqo qaytarish munosabatini shakllantirish, jabrlanuvchilarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va ularni jamiyatga to‘liq integratsiya qilish uchun tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilishi kerakligi ta’kidlandi.

Seminar yakunida oilaviy-maishiy zo‘ravonlik va shahvoniy shilqimlikka qarshi kurashda davlat va jamiyat organlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, profilaktika chora-tadbirlarini kengaytirish hamda jabrlanuvchilarga ko‘rsatiladigan yordamni yanada takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.
Hozirgi kunda oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus farmon yoki qaror mavjud emas, ammo ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ijtimoiy muassasalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish yo‘lida ishlar olib borilmoqda.
Jizzaxda o‘tkazilgan mazkur seminar ushbu muhim ijtimoiy muammoni chuqur tahlil qilish va uning yechimlariga yo‘naltirilgan milliy darajadagi sa’y-harakatlarga yaqqol misol bo‘la oladi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbiri