Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oilaviy zo‘ravonlikka qarshi hamjihatlikda ish olib borish zarur
07:54 / 2025-08-07

Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik hamda shahvoniy shilqimlik qilish bilan bog‘liq jinoyatlar va ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar, ularning yechimlari va kelgusidagi vazifalar” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Sudyalar, prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlari, viloyat, tuman(shahar) hokimlarining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ullari ishtirok etgan tadbirda oilaviy zo‘ravonliklarning oldini olish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar haqida so‘z yuritildi.  

Dastlab oila va jamiyatda ayolning o‘rni, uning huquqlari, bolalarni tazyiq va zo‘ravonlikdan asrash kabi mavzular aks etgan videorolik namoyish etildi. Unda bolalar va xotin-qizlar huquqlari davlat himoyasida ekanligi ko‘rsatib berildi.

 Shundan so‘ng Samarqand viloyat sudi raisi vazifasini bajaruvchi T.Boyzoqov mamlakatimizda har bir oila davlat himoyasida ekanligini ta’kidlab, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi qonunchilik normalari, bu boradagi so‘nggi yangilik va o‘zgarishlarga e’tibor qaratdi.

 Oliy sud sudyasi M.Ababakirov ushbu toifadagi ishlarni sudlarda ko‘rish jarayonidagi amaliyot, surishtiruv va tergov organlaridagi protsessual harakatlar, bu boradagi yutuq va kamchiliklar haqida gapirdi, ayrim statistik ma’lumotlar qayd etildi. Shuningdek, ma’ruzachi sud, prokuratura va ichki ishlar idoralari hamkorligida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga to‘xtaldi.  

Oilaviy zo‘ravonliklarning oldini olishda oila va xotin-qizlar bo‘limlari hamda faollarining o‘rni juda muhim. Samarqand shahri hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i R.Toshniyozova ayni jihatlarga e’tibor qaratib, shahardagi mahallalarda bu turdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, oilada sog‘lom ma’naviy muhitni yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Bu jarayonda “mahalla yettiligi”, huquq-tartibot idoralari va keng jamoatchilik bilan hamkorlik ijobiy natija berayotganini ta’kidladi.  

 Tadbirda, shuningdek, Samarqand viloyat sudining sudyalari, prokuratura, ichki ishlar boshqarmasi xodimlari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi mas’ullari ma’ruza qilib, oilaviy zo‘ravonlik va shahvoniy shilqimlik qilish bilan bog‘liq huquqbuzarlik va jinoyatlar profilaktikasi, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.

Amaliy seminar yakunida muhokama etilgan mavzu yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar, chora-tadbirlar belgilab olindi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri