Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oilaviy zo‘ravonlik qanday oqibatlarga olib keladi?
11:04 / 2025-10-06

Globallashuv davri insoniyat oldiga katta imkoniyatlar bilan birga murakkab sinovlarni ham qo‘ymoqda. Masalan, jamiyatimizning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan oila institutiga salbiy ta’sir qilayotgan omillar ko‘paydi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudi raisi Behzod Sagatov oila instituti, unga salbiy ta’sir qilayotgan holatlar haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:  

– Oila millatning ma’naviy poydevori, farzandlarning sog‘lom voyaga yetishi uchun muhim qo‘rg‘ondir. Shuning uchun ham azaldan xalqimiz oilani muqaddas bilib, tarbiyaning eng muhim maskani sifatida qadrlagan. Ammo bugungi globallashuv sharoitida oilalarda ham turli muammo va o‘zgarishlar yuzaga kelmoqda.

Shunday salbiy holatlardan biri – oilada tazyiq, zo‘ravonlik va agressiya. Afsuski, bunday hodisalar jamiyatimizning ayrim qatlamlarida uchrab turibdi. Bu insoniylikka ham, milliy qadriyatlarimizga ham yot illatdir.  

Chunki, zo‘ravonlik bo‘lgan uyda mehr-oqibat bo‘lmaydi, mehr bo‘lmagan oilada esa sog‘lom tarbiya va farovonlikni kutish befoyda.  

Farzandlarimiz oiladagi zo‘ravonlik muhitida ulg‘aysa, ularning ruhiy olamida salbiy izlar qoladi. Bu esa, kelgusida jamiyatda ham agressiya va muammolarni kuchaytiradi. Shu bois, Prezidentimiz bu masalaga alohida e’tibor qaratib, “Oila tinch bo‘lsa – jamiyat ham tinch bo‘ladi”, deb alohida ta’kidlagan.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, 2023 yil 11 aprelda qabul qilingan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Jinoyat kodeksi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik)  deb nomlangan 126-1-modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek, ushbu shaxslar sog‘lig‘ining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, shuningdek basharti boshqa jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yuz oltmish soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yuz oltmish soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Albatta, sodir qilingan harakat og‘ir oqibatlarga olib kelsa, jazo yanada og‘irlashib boradi.  

Globallashuv sharoitida oilada sog‘lom muhitni ta’minlash uchun bir qator vazifalarni amalga oshirish zarur. Jumladan, oilada o‘zaro hurmat va ishonchni mustahkamlash zarur. Har bir oila a’zosi o‘zaro hurmat, sabr-toqat va mas’uliyat bilan yashashi lozim. O‘zaro muloqot madaniyatini rivojlantirish, muammolarni janjalsiz, tinch yo‘l bilan hal qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, ma’naviy tarbiyani kuchaytirish maqsadga muvofiq.  Ota-onalar farzandlarga milliy qadriyatlarni chuqur singdirishi, yoshlarni sog‘lom va mustahkam oila qurishga tayyorlashi kerak.

Huquqiy mexanizmlarni qo‘llash, ya’ni oila va xotin-qizlarni himoya qiluvchi qonunlarni to‘laqonli amalga oshirish, zo‘ravonlikka mutlaqo murosasiz munosabatda bo‘lish darkor.  

Psixologik va ijtimoiy yordamni kuchaytirish – mahalla, ta’lim muassasalari va davlat idoralari hamkorligida muammolarga duch kelgan oilalarga zarur ko‘mak berish joiz.

Jamiyatda sog‘lom qarashlarni targ‘ib qilish – OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali oiladagi tinchlik, mehr va hamjihatlikni keng targ‘ib qilish juda dolzarb.

Zotan, oila – bu kichik jamiyat. Agar unda mehr-oqibat, sabr-toqat va o‘zaro hurmat qaror topgan bo‘lsa, butun jamiyatimizda ham totuvlik va barqarorlik bo‘ladi. Shunday ekan, har birimiz oilamizdagi muhitni yaxshilash, farzandlarimizni sog‘lom ruhda tarbiyalash uchun mas’ulmiz.

Xulosa qilib aytganda, oila – bu shunchaki bir necha kishining bir uyda yashashi emas, balki mehr, sabr va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash maskani. Har bir oilada sog‘lom muhitni ta’minlasak, jamiyatda ham totuvlik, barqaror taraqqiyot ta’minlanadi.  

Norgul Abduraimova, O‘zA