Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oilaviy zo‘ravonlik – hech bir so‘z bilan oqlab bo‘lmaydigan holat
17:56 / 2023-05-11

Xotin-qizlar bugungi siyosiy-ijtimoiy jarayonlarda mamlakatimizning zaxira boyligi, yaratuvchilari bo‘lib hisoblanadi. Shunday ekan, ularning ehtiyojlarini ro‘yobga chiqarish, imkoniyatlarini kengaytirish, muammolarini hal etish, ijtimoiylashuvini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor vazifalari qatoridan o‘rin egallagan.

Dunyo bo‘yicha yiliga 15 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lgan har beshinchi ayol zo‘ravonlik holati bo‘yicha ariza bilan murojaat qiladi. BMTning statistik ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har uchinchi ayol tazyiq va zo‘ravonlik holatiga duch keladi, 40-70 foiz hollarda zo‘ravonlik ayollarning yaqinlari, ya’ni turmush o‘rtoqlari, qarindoshlari va ayol tanigan-bilgan odamlar tomonidan amalga oshiriladi. Zo‘ravonlik nafaqat jismoniy ravishda, balki psixologik  tarzda ham amalga oshirilishi mumkin. Zo‘ravonlikka duch kelgan ayollarning qariyb 40 foizi yordam so‘rab huquq va ijtimoiy organlarga ariza topshirmaydi va o‘z huquqlari poymol etilganligi borasida hech kimga murojaat qilmaydi.  

Har bir inson yashash, xursand bo‘lish, bola tarbiya qilish, unib-o‘sish, o‘z oilasi, yaqinlari va jamiyatga foydali bo‘lish uchun tug‘iladi. Lekin  o‘zligidan kechib, o‘z og‘riqlari, dardlari, zarbalar kuchi, tahdidlar va kamsitishlarni ichiga yutib, churq etmay o‘tadigan ayollar  ham borki, ular turmush o‘rtoqlari yoki oila a’zolariga qarshi chiqishni o‘zlariga ep ko‘rmaydi.  

Oilaviy zo‘ravonlikni hech qanday sharoitda oqlab bo‘lmaydi, chunki u insonning asosiy huquqlari (hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni, qadr-qimmati, erkinligi)ga daxl qiladi. Zo‘ravonlik faqat jismoniy kuch ishlatish bilan emas, ruhiy, axloqiy, iqtisodiy va maishiy bosim ko‘rinishlarida namoyon bo‘lishi va oilaning har qanday a’zosiga nisbatan, ya’ni ayollar, erkaklar, bolalar, qariyalarga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin. Haqoratlash, majburlash, zo‘rlash, iqtisodiy cheklovlar qo‘yish, muntazam ruhiy qiynoqqa solish kabi holatlar ham zo‘ravonlik sifatida baholanadi.  

O‘zbekistonda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini tazyiq va zo‘ravonlikdan ishonchli himoya qilishning institutsional hamda huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishga, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin qizlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida«gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi. Gender tenglikni ta’minlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, parlament yuqori palatasida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahat-kengashlari, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashkil etildi.  

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021 yil 28 maydagi qarori bilan 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlandi. Strategiyada jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, madaniyat, ta’lim, ilm-fan, sport munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklarning huquq hamda imkoniyatlarining tengligi borasidagi bugungi holat va mavjud muammolar belgilab o‘tilgan.    

Shu bilan birga bugungi kunda huquqni qo‘llash amaliyotida xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq masalalarning yechimiga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirishga ehtiyoj mavjud. Tahlillarga ko‘ra, 2022 yilda respublikada ajrimlar soni 48 ming 734 tani tashkil etgan. 49 ming 774 nafar xotin-qiz tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan, ushbu holatlarning 81,8 foizi ularning oilalarida sodir etilgan. Qolaversa,  xotin-qizlar va bolalarning huquqlariga daxl qiluvchi jinoiy qilmishlar jazo choralar belgilanmagan edi, xotin-qizlarni shilqimlik va zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy kafolatlari mavjud emas, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsga davlat himoyasini taqdim etuvchi orderning amal qilish muddati (o‘ttiz kun) xotin-qizlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari yetarli darajada himoya qilinishini ta’minlash imkonini bermayotgan edi.  

Shu nuqtai nazardan ham, joriy yil  11 aprel kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunining qabul qilinishi  yuqorida sanab o‘tilgan muammolarning yechimiga qaratilgan yana bir muhim qadam bo‘ldi.  

Kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar  xotin-qizlar va bolalarga nisbatan shilqimlik hamda zo‘ravonlikning oldini olishga, oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilashga, bolalar va xotin-qizlar huquqlari bilan bog‘liq xalqaro indekslarda mamlakatimizning o‘rni yaxshilanishiga xizmat qiladi.  

Xorijiy mamlakatlar qonunchiligi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan qonunchilik “oilaviy zo‘ravonlik” alohida hamda umumiy fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga qarshi qaratilgan huquqbuzarliklar sifatida tartibga solingan. Jumladan, ko‘plab MDH va xorijiy davlatlarning shu mazmundagi qonunlari ham oilaviy zo‘ravonlikni qamrab olganligini kuzatish mumkin. 

Qonunda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi va Vasiylik va homiylik to‘g‘risidagi va boshqa qonun hujjatlariga xotin-qizlar va bolalarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlovchi qator o‘zgartirishlar kiritildi. Tashkiliy-huquqiy jihatdan vakolatli davlat organlari hamda tashkilotlarning, xususan Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya, bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) komissiyalari faoliyatining mustahkam huquqiy asosi belgilab berildi.  

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, inson qadri va manfaatlari yo‘lida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar mustahkam huquqiy asoslar bilan ta’minlanar ekan, jamiyatda illatlarga qarshi murosasizlik madaniyati shakllanadi.    

Nodira Egamberdiyeva,  

“Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti direktori.

O‘zA