English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarga chek qo‘yish choralari kuchaytiriladi
11:15 / 2025-08-09

Oliy sud tashabbusi bilan Toshkent shahar sudida “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik, shahvoniy shilqimlik qilish bilan bog‘liq jinoyatlar va ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularning yechimlari hamda kelgusidagi vazifalar” mavzusida seminar tashkil etildi.

Toshkent shahar sudi raisi E. Xo‘jaqulov oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi qonunchilik normalari haqida gapirib, mamlakatimizda har bir oila davlat himoyasida ekanini ta’kidladi.

Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari I.Muslimov, Oliy sud sudyasi N.Rasulov ushbu toifadagi jinoyat ishlari yuzasidan surishtiruv, tergov organlari hamda sudyalar tomonidan qaror qabul qilishda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar, ularning oldini olish choralari va sud amaliyotini birxillashtirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Seminarda 2023 yil 11 aprelda qabul qilingan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun asosida yuzaga kelgan huquqiy o‘zgarishlar amaliyotda qanday tatbiq etilayotgani tahlil qilindi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga 126-1-modda (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) hamda 141-3-modda (sha’ni va qadr-qimmatni kamsituvchi ma’lumotlarni tarqatish), Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga esa 59-2-modda (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) va 41-1-modda (shahvoniy shilqimlik qilish) kiritilgan.

Qonun qabul qilinganiga ikki yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hanuzgacha surishtiruv, tergov organlari va sudlar tomonidan bir qator jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelinayotgani aytib o‘tildi.  

Seminarda bu turdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, oilada sog‘lom ma’naviy muhitni yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi. Bu jarayonda mahalla yettiligi, huquq-tartibot idoralari va keng jamoatchilik hamkorligi o‘zining ijobiy natijasini berishi ta’kidlandi.  

Tadbirda qonun ijrosi, profilaktik ishlar, jabrlanganlarga ko‘mak ko‘rsatish, jinoyat ishlarini samarali tergov qilish hamda sud amaliyotida bir xil yondashuvlarni ta’minlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi. Bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

N.Abduraimova,
O‘zA