Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oilaviy tadbirkorlik rivojlanmoqda
11:52 / 2025-08-28

Prezidentimizning 2025 yil 17 yanvardagi “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Buxoro viloyati Olot tumanida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Misol uchun, “Mahallabay” ishlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha joriy yilda 2158 ta jismoniy va yuridik shaxslarga 40,7 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lar ajratildi. Jumladan, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” dasturi asosida 56 ta sub’ektlarga 6,7 milliard so‘m, “Biznesga birinchi qadam” dasturi doirasida 658 ta sub’ektlarga 13,8 milliard so‘m, Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 1444 ta sub’ektlarga 20,2 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. 

Olot tumanning olis Pichoqchi mahallasida 592 ta xonadonda 2792 nafar aholi istiqomat qiladi. Hozirda ko‘rsatilayotgan ko‘maklar sabab mahallaning o‘sish nuqtasi tom ma’noda tashabbuskorlarning faoliyat samaradorligida bosh omil bo‘lmoqda.

[gallery-25003]

– Mahalla aholisi dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanib keladi, – deydi Olot tumani hokimining “Pichoqchi” mahalla fuqarolar yig‘inidagi yordamchisi Elyor Jumayev. – Yaqindan boshlab asalarichilik yo‘nalishini ham boshladik. Aholimiz mahalliy bozorga tomorqasida yetishtirgan meva-sabzavotlarni, go‘sht mahsulotlarini yetkazib beradi. Xonadonda 50-60 bosh naslli qoramollar parvarishlanadi. Kambag‘allik reyestriga tushib qolgan oilalarning daromadini oshirish maqsadida boshqa oilalar kabi ularga ham dehqonchilik, chorvachilik sirlari o‘rgatilyapti. Band bo‘lmagan ishsiz aholini bandligini ta’minlash maqsadida mahalladagi kredit, subsidiya, ssuda yo‘nalishda tavsiyalar berilmoqda.   

Bugungi kunda Olotda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ichki bozorda sifatli va arzon go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida qishloq xo‘jaligini, xususan, chorvachilik sohasini rivojlantirish borasida izchil islohotlar olib borilmoqda. Mazkur islohotlar samarasi o‘laroq, Pichoqchi mahallasida ham chorvachilikni modernizatsiya qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahsuldor zotlarni ommalashtirish yo‘lidagi amaliy ishlar ko‘lami nihoyatda keng. 

Shuhrat To‘xtayev xonadonida 50 bosh zotdor qora mollar parvarishlanmoqda. Bu esa nafaqat mahalliy iqtisodiyotning barqarorligiga, balki oziq-ovqat mustaqilligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. 

Tadbirkor Hakimjon Xudoyev esa 2025 yilning may oyida Qozog‘iston Respublikasidan 50 bosh Simental va Qozog‘iston oq bosh zotlariga mansub buzoqlar olib keldi. O‘rtacha hisobda har bir buzoq 10-12 million so‘m atrofida xarid qilinib, ularga zamonaviy parvarish sharoitlari yaratildi. Hozirda ular o‘rtacha 450-500 kg og‘irlikda bo‘lib, 1 yil davomida parvarishlash rejalashtirilgan. 

– Chorvachilik bugungi kunda eng dolzarb sohalardan biri bo‘lib qolmoqda, – deydi Hakimjon Xudoyev. – Davlat rahbarining mana shu sohani rivojlantirish bo‘yicha chiqarayotgan farmon va qarorlari natijasida juda katta imtiyozlar berilmoqda. Mana yaqinda olib kelingan zotdor mollar natijasida ko‘plab imtiyozlarga ega bo‘ldim. Avvallari bunday imtiyozlar yo‘q edi. 

Azaldan mahalliy xonadonlarning fayzi tomorqadan unumli foydalanish, bog‘dorchilik va asalarichilik bilan shug‘ullanish orqali oilaviy daromadni oshirish bilan belgilanadi. Pichoqchi mahallasidagi Yo‘ldosh Xolliyev oilasi ham aynan mana shunday namunali oilalardan biri. Oila 40 yildan beri asalarichilik bilan shug‘ullanib keladi. Hozirda 78 dona asalari uyalari mavjud bo‘lib, joriy mavsumda 1 tonnadan ortiq asal mahsuloti olindi. Oilaning asalarichilikdagi o‘rtacha yillik hosildorligi 2 tonnadan ortiq bo‘lib, bu faoliyatdan yiliga 200 million so‘mga yaqin daromad olinmoqda. Xonadon egalari bog‘dorchilik va uzumchilikda ham katta tajribaga ega. 

– Asalarichilikka qiziqib, mol saqlab daromadimizni ko‘paytirib boryapmiz, – deydi Yo‘ldosh Xolliyev. – Tomorqada yetishtirgan mahsulotimiz dasturxonimizda tortiq qilinyapti. Mehnatimiz ortidan to‘ylar qilyapmiz. 77 yoshda bo‘lsam ham bekor o‘tira olmayman. Harakat qilsangiz, albatta, baraka bo‘ladi. Mahalladoshlarimni dehqonchilikka, chorvachilikka, asalarichilikka o‘rgatdim. 

Bugungi kunda yurtimizda aynan yerga mehr berib, o‘zining tomorqasida mehnat qilayotgan oilalar ko‘p. Ular uchun tomorqa nafaqat ro‘zg‘or, balki baraka, mustahkam turmush va ertangi kunning kafolatidir. 

Pichoqchi mahallasida istiqomat qilayotgan Jo‘rayevlar xonadoni hozirda umumiy 45 sotix yer maydonidan foydalanmoqda. Shundan 30 sotix  yoshlarga ajratilgan dehqonchilik yerlari hisoblanadi. Yil davomida bu maydonlarda bir nechta ekinlar almashlab ekiladi, har bir qarich yerdan unumli foydalaniladi. Xususan 6 sotix yerda pomidor yetishtirilib, 10 million so‘mga yaqin daromad olingan bo‘lsa, lotga ajratilgan 30 sotix yerda esa tarvuz ekilib, bundan ham foyda ko‘zlanmoqda.

Pichoqchi mahallasida imtiyozli kreditlar hisobidan qurib berilgan issiqxonalar yilning 12 oyida dehqonchilikdan uzluksiz daromad olishni ta’minlamoqda. Davlat tomonidan ajratilayotgan yer maydonlari, imtiyozli kreditlar imkoniyatlardan oqilona foydalanish har bir oila uchun baraka, boylik va mustahkam turmush asosi bo‘lib xizmat qilmog‘i lozim.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.