Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oilaviy tadbirkorlik – farovonlik omili
13:50 / 2015-12-01

Prezidentimiz rahnamoligida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor, yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklar samarasida soha vakillari safi tobora kengaymoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor, yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklar samarasida soha vakillari safi tobora kengaymoqda. Farg‘ona viloyatida ham tadbirkorlikning bu yo‘nalishida katta yutuqlarga erishayotgan oilalar ko‘p.

Mahallani xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markaziga aylantirish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Fuqarolar yig‘inlari qoshida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi maslahat markazlari tashkil etilgan. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatilayotir.

Qo‘shtepa tumanidagi “Yangi do‘kon” mahalla fuqarolar yig‘ini keyingi yillarda yanada chiroy ochib, tobora zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Bunda oilaviy tadbirkorlik subyektlarining ham munosib hissasi bor.

Mazkur mahalla fuqarolar yig‘ini hunarmandlar yurti bo‘lgan qadim Marg‘ilon shahriga tutash hududda joylashgan. Shu bois bu yerda hunarmandlik, xususiy mulk va oilaviy tadbirkorlik ko‘lami kun sayin kengaymoqda. Yangidan-yangi ishlab chiqarish, maishiy xizmat ko‘rsatish tarmoqlari rivoj topmoqda.

Hunarmand usta Ro‘zimat Qodirov rahbarlik qilayotgan “Qurilish madad samara” oilaviy korxonasi “Xalq banki”ning tuman bo‘limidan olgan sarmoya bilan ish boshlagan. Bu yerda tayyorlanayotgan so‘ri, xontaxta, stol-stul, yumshoq va qattiq mebellar to‘plami qisqa muddatlarda o‘z xaridorini topdi. 20 ga yaqin yosh mehnat qilayotgan oilaviy korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati, qulayligi va arzonligi bilan mijozlar e’tiborini tortmoqda.

– Korxonamiz uy-ro‘zg‘or mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, – deydi R.Qodirov. – Ayni paytda faoliyatimizni yanada kengaytirish va mahsulot turini ko‘paytirish ustida ish olib bormoqdamiz. Bu ishlarimiz yakuniga yetgach, yana o‘ndan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi.

Mahalla fuqarolar yig‘inida o‘z faoliyati ko‘lamini kengaytirib, aholi farovonligiga hissa qo‘shayotgan bunday tadbirkorlar talaygina. Abdulla Qodirov, Nosir Karimovlar oilasi yog‘och mahsulotlarini qayta ishlash, Marhabo Hakimova, Nigora Rahimova, Shohista G‘ofurova, Dilorom Xudoyberdiyevalar oilasi atlas va adras to‘qish yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatishi fikrimiz tasdig‘idir.

– Joriy yilda o‘ttizdan ortiq yakka tartibdagi tadbirkor ro‘yxatga olindi, – deydi “Yangi do‘kon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi To‘ychiboy Otaboyev. – Mahallamizda bo‘lgan kishi bu yerni tadbirkor, ishbilarmon va hunarmandlar maskaniga qiyoslaydi. Chunki yig‘inimizdagi 420 xonadon tadbirkorlikning u yoki bu turi bilan mashg‘ul. Keyingi yillarda hududimizda atlas, adras to‘qish, kashtachilik, kosibchilik, elita parda tikish, gilam to‘qish, yog‘ochni qayta ishlash, maishiy xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlar tobora rivojlanmoqda.