Joylarda, tashkilot va muassasalarda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Ularda yangilangan Konstitutsiyamizda aks etgan yangi normalarning ahamiyati keng tushuntirilmoqda.
O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi «Ayollar qanoti» tomonidan o‘tkazilgan ochiq muloqot ham ayni maqsadga qaratildi. «O‘zbekistonda xotin-qizlar va yoshlar huquqlari — davlat himoyasida» mavzusida bo‘lib o‘tgan muloqotda oilaviy ajrimlar va uning sabablari, ota-onalarning farzandlari oldidagi burch va mas’uliyati, voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi oqibatida ular orasida jinoyatchilik, huquqbuzarlik, mayda bezorilik holatlari uchrayotgani kabi bir qator masalalar muhokama qilindi.

— Partiyamiz tomonidan 2017 yildan buyon respublika o‘g‘il bolalar va qiz bolalar o‘quv tarbiya muassasalarida nazorat-tahlil tarzida o‘rganishlar olib boriladi, — dedi partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova. — Mazkur muassasalar rahbariyatining sa’y-harakatlari bilan u yerdagi bir kator muammolar o‘z yechimini topdi. Lekin ayrim muammolar hamon o‘z yechimini kutmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yangi Konstitutsiyamizning «Oila, bolalar va yoshlar» bobida bir qator muhim masalalar o‘z ifodasini topgan. Jumladan, endilikda nafaqat ona va bola, balki otalarning huquq va manfaatlari ham davlat himoyasida ekanligi belgilab qo‘yildi. Bu kabi normalar mazmunini aholi o‘rtasida keng tushuntirishimiz lozim.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar huquqbuzarlik va jinoyatlarning «yosharib» borayotganiga aksariyat hollarda oiladagi nosog‘lom muhit, ota-onalar o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchiliklar, oilada otaning o‘rni pasayib borayotgani, ularning farzandlari oldidagi burch va mas’uliyatini unutib qo‘yayotganliklari sabab bo‘layotganini ta’kidladilar. Respublikamizda faoliyat yuritayotgan ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari va respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi rahbarlari tomonidan bolalar jinoyatchiligining oldini olish, noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolgan bolalarni qayta tarbiyalash, ularni jamiyatga moslashtirishga oid aniq taklif va tavsiyalar berildi.
Ochiq muloqotda bildirilgan taklif va fikr-mulohazalardan so‘ng yosh avlod tarbiyasida mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligiga qarshi birgalikda kurashishga kelishib olindi.
M.Komilova,
O‘zA