Mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘z faoliyatiga kasanachilarni keng jalb qilishni rag‘batlantirish orqali aholining bandligini ta’minlash va daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida yurtimizda kasanachilik faoliyati rivojlanib, aholining bandligi ta’minlanmoqda.
Ammo ayrim hollarda bu kabi kasanachi va oilaviy pudratchilar faoliyatiga to‘siq bo‘ladigan vaziyatlar ham yuzaga kelayotir.
Xususan, Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida oilaviy pudrat asosida aholiga ajratib berilgan yerlarning auksionga qo‘yilishi haqidagi xabarlar keng jamoatchilik va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining muhokamalariga, noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, 5 yil oldin tuman hokimligining tegishli qaroriga muvofiq tashkil etilgan yer uchastkalariga o‘n besh xo‘jalik oilaviy pudrat asosida, o‘z mablag‘lari hisobiga 100 mingdan ortiq tut ko‘chati ekkan. Shartnoma shartlari bajarilib, ko‘chatlar parvarishlab kelinmoqda. Ammo bugungi kunda noma’lum sabablarga ko‘ra mazkur yer uchastkalari auksionga qo‘yilishi belgilangan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Firdavs Sharipov mazkur yer uchastkalarini auksionga qo‘yilishi holatini ko‘rib chiqish, oilalarning kasanachilik bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratish bo‘yicha Toshkent viloyati hokimi Z.Mirzayevga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yo‘ldoshevga deputatlik so‘rovi yubordi.
So‘rovda oilaviy pudrat asosida faoliyat olib borilayotgan mazkur yer uchastkalari auksionga qo‘yilgani yuzasidan oila a’zolari bir qator davlat tashkilotlariga takror va takror murojaat qilib, sarsongarchilik holatlari yuzaga kelayotgani aytilgan.
Shuningdek, so‘rovda pudrat asosida ish yuritayotgan oilalar tarkibida nogironligi bor shaxslar va ijtimoiy jihatdan kam ta’minlanganlar ham mavjudligiga alohida e’tibor berilgan.
Xalq vakilining ushbu so‘rovi yuzaga kelgan vaziyatni nazoratga olish va qonuniy yo‘l bilan hal etilishida muhim o‘rin tutadi.
M.Komilova, O‘zA