Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oilaviy poliklinikaga aylantirildi
15:58 / 2026-01-26

Guliston tumanining Tajribakor mahallasida istiqomat qilayotgan aholiga birlamchi tibbiy sanitariya yordami xizmatini yanada yaqinlashtirish va tibbiy xizmat sifatini yuqori bosqichga ko‘tarish maqsadida eski, bugungi kun talabiga javob bermaydigan shifokorlik punkti to‘liq rekonstruksiya qilindi va zamonaviy oilaviy poliklinikaga aylantirildi.

Ochilish marosimida Guliston tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev, soha xodimlari va mahalla nuroniylari ishtirok etishdi. Ta’kidlanishicha, shifokorlik punktning to‘liq rekonstruksiya qilinishi, uni oilaviy poliklinika maqomida faoliyat yuritishi va aholiga qulay tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida mahalliy byudjetdan qariyb 1 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Qurilish va rekonstruksiya ishlarini viloyatdagi “Abdumalik Fayz Qurilish” MCHJ mutaxassislari amalga oshirdi.

– Yangi tibbiyot dargohi oldingidan farqli bo‘lib, bemorlarga keng, yorug‘ va qulay sharoitlarda xizmat ko‘rsatish imkonini beradi, – deydi poliklinika mudiri Xonimqul Tog‘ayev. — Qabul xonalari, bolalar ko‘rik bo‘limi, laboratoriya va emlash xonalari to‘liq jihozlangan va amaliyotga tayyor. Xizmatlar tezkor, samarali va inson salomatligini ustuvor qo‘ygan holda ko‘rsatiladi.

Eski binoda bir necha yil davomida kuzatilgan isitish tizimi muammosi, jihozlarning yetishmasligi va boshqa texnik qiyinchiliklar endilikda tarixga aylandi. Yangi poliklinika nafaqat zamonaviy xizmatni taqdim etadi, balki tibbiy tashxis va profilaktikada zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkonini ham beradi.

– Bu bizning ko‘p yillik orzumiz edi. Eski shart-sharoit turli noqulayliklarga sabab bo‘lardi, – deydi mahalla mehnat faxriysi Yo‘ldosh Abdurahmonov. – Yurtboshimiz e’tibori tufayli shahardagi kabi  so‘nggi vaqtlarda qishloq infratuzilmasi ham  yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. Bu nafaqat men, balki butun aholi uchun katta xursandchilik.

Yangi oilaviy poliklinika ochilishi natijasida tibbiy xizmat ko‘lami sezilarli darajada kengaydi. Endi aholi bemorlarni qabul qilish, kunduzgi tibbiy muolajalar va profilaktik tekshiruvlar uchun boshqa muassasalarga bormasdan , barcha xizmatlardan ushbu maskanda foydalanishi mumkin.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri