Andijon viloyati Baliqchi tumani Xalfa mahallasida tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi 13-oilaviy poliklinikaning yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Tadbirda viloyat hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, poliklinika jamoasi, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Mamlakatimizda keyingi yillarda aholi sog‘ligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalari uchun moslashtirilgan yangi binolar qurish, ularni ilg‘or va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi samarasida tibbiy xizmat sifati yuksalib borayotganligi ta’kidlandi.
– 1964 yilda qurilgan qishloq vrachlik punkti binosi o‘rnida yangitdan barpo etilgan poliklinikamiz zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi, – deydi shifokor Qobiljon Mo‘minov. – Endilikda tumanning to‘rtta – Xalfa, Nasrinobod, Mallachek, Navhinol mahallalarida yashovchi 10 ming nafardan ziyod aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifati yanada ortadi. Turli xastaliklarni erta aniqlash, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish barobarida katta qulaylik yaratildi.
Ayni kunda 8 nafar shifokor, 30 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat yuritayotgan mazkur oilaviy poliklinika 150 qatnovga mo‘ljallangan. Bundan tashqari, 10 nafar bemorning yotib davolanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Poliklinikada akusher-ginekolog, terapevt, xirurg, stomatolog, UZI va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha shifokorlar xizmat ko‘rsatadi.
Ko‘rkam, zamonaviy qiyofa kasb etgan poliklinikada zamonaviy EKG, UZI, laboratoriya xonalari tashkil etilgan bo‘lib, bu xastaliklarni erta aniqlash va samarali davolash imkonini beradi. Shuningdek, oilaviy poliklinikada tez tibiiy yordam – 103 xizmati ham yo‘lga qo‘yildi. Endilikda shifokorlar chaqiruvlar bo‘yicha xonadonlarga borib ham xizmat ko‘rsatadi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA