Andijon viloyati Buloqboshi tumani Qashqar mahallasida tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi 22- qishloq oilaviy poliklinikasining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Mazkur tibbiyot muassasasi ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda mamlakatimizda keyingi yillarida aholi sog‘ligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalari uchun moslashtirilgan yangi binolar qurish, ularni ilg‘or va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi tufayli tibbiy xizmat sifati yuksalib borayotganligi ta’kidlandi.
- Poliklinikaning qurilish-ta’mirlash ishlari hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun qariyb 1 milliard 650 million so‘m byudjet mablag‘i sarflandi, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Baxtiyorjon Komilov. – Endilikda tumanning to‘rtta – Qashqar, Nurzamin, Sohibkor va Sarvontepa mahallalarida yashovchi 17,5 ming nafardan ziyod aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifati yanada ortadi. Turli xastaliklarini erta aniqlash, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish barobarida katta qulaylik yaratildi.
Ko‘rkam, zamonaviy qiyofaga ega mazkur poliklinikani ta’mirlash-qurilish ishlari “Andijon mustaqil qurilish imkon” «Ziyo-2002» mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan bajarildi. Bu yerda shifokorlar va tashrif buyuruvchilar uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Shuningdek qishloq oilaviy poliklinikasida 20 o‘rinli kunduzgi shifoxona ham tashkil etildi.
F.UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA