English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka qarshi kurashish – muhim vazifa
11:20 / 2025-08-08

So‘nggi yillarda jamiyatda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik hamda shahvoniy shilqimlik bilan bog‘liq jinoyatlar soni sezilarli darajada ortib bormoqda. Bu holat nafaqat shaxsning huquqlari va sha’niga daxl qiladi, balki butun oila, jamiyat va kelajak avlod uchun salbiy oqibatlarga olib keladi. Shu sababli, ushbu muammoni o‘rganish, profilaktika choralarini takomillashtirish va jamiyatda ushbu illatga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Qashqadaryo viloyat sudi tashabbusi bilan jinoyat va ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olishga bag‘ishlangan “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik hamda shahvoniy shilqimlik qilish bilan bog‘liq jinoyatlar va ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularning yechimlari va kelgusidagi vazifalar” mavzusida seminar tashkil etildi. Ushbu tadbirda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, sudlar, ijtimoiy sohadagi mutaxassislar hamda jamoat tashkilotlari va nodavlat tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

2025 yilning birinchi yarmida Qashqadaryo viloyatida 2484 nafar shaxsga nisbatan 1959 ta jinoyat ishi ko‘rildi. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 1261-moddasiga asosan oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar soni 50 tagacha bo‘lib, 2024 yilga nisbatan bu ko‘rsatkichda oshish qayd etildi. Jinoyat sodir etganlarni asosan erkaklar (47 nafar), 31-59 yoshli shaxslar (42 nafar) tashkil etadi.

[gallery-24653]

Ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha 2025 yilning birinchi yarmida 21,475 ta ish ko‘rildi. Ularning 676 tasi (3,1%) O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 592-moddasiga tegishli bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 36 foizga kamaygan. Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlarning katta qismi erkaklar (88,1%) va 31-59 yoshlilar (96,2%).

2023 yilda qabul qilingan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini takomillashtirish” to‘g‘risidagi qonun oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashda yangi imkoniyatlar yaratdi. Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik kodeksiga tegishli o‘zgartishlar kiritilib, javobgarlikni kuchaytirishga erishildi.

Seminarda oilaviy zo‘ravonlik va shahvoniy shilqimlikka qarshi kurashishning kompleks choralari muhokama qilindi. Jabrlanuvchilarni himoya qilish, ularning jamiyatga qayta integratsiyasi, profilaktika ishlarini keng jamoatchilikka yetkazish va huquqiy ongni oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish, inson sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish  ushbu illatlarga qarshi kurashda eng muhim omillardan sanaladi. Oilaviy zo‘ravonlik va shahvoniy shilqimlikka qarshi kurashishda davlat va nodavlat tashkilotlari, jamoatchilik va har bir fuqaroning hamkorligi zarurligi ta’kidlandi.

Shu tariqa, oilaviy zo‘ravonlik va shahvoniy shilqimlik bilan bog‘liq muammolarni kamaytirish uchun tizimli va mukammal chora-tadbirlarni amalga oshirish, jamiyatning barcha qatlamlarini bu jarayonga jalb etish muhim vazifa ekanligi yana bir bor ta’kidlandi.

O‘lmas Barotov,

O‘zA muxbiri