Sud-huquq tizimida inson huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini mustahkamlash borasidagi izchil sa’y-harakatlar alohida e’tiborga loyiq.
2023 yil 11 apreldagi “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan bu boradagi islohotlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Qonunga muvofiq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 41-1-modda (shahvoniy shilqimlik qilish), 59-2-modda (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) va Jinoyat kodeksi 126-1-modda (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik), 141-3-modda (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) bilan to‘ldirildi.
– Joriy yilning birinchi yarmida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi bilan 986 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 358 nafariga jarima jazosi, 628 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi, – dedi Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov. – Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi bilan 4 ming 952 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 3,2 ming nafariga jarima jazosi, 1 ming 752 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.
Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi bilan 231 nafar shaxs sudlanib, ularning 65 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 166 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
Jinoyat kodeksining 141-3-moddasi bilan 99 nafar shaxs sudlanib, ularning 24 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 75 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
N.Abduraimova,
O‘zA