Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oilaviy bolalar uyi tashkil etiladi
21:10 / 2022-08-04

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oilaviy bolalar uylari faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2022 yilning 1 senyabridan boshlab oilaviy bolalar uylari tashkil etiladi.

Oilaviy bolalar uylari yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga tarbiyaga olishni istagan fuqarolar tomonidan yuridik shaxs maqomisiz tegishli tuman (shahar) hokimining qarori asosida tashkil etiladi.

Bunday uylar tarbiyalanuvchilari soni kamida 3 nafarni, ko‘pi bilan 5 nafarni tashkil qilishi lozim. 

Oilaviy bolalar uyini tashkil qilgan fuqarolarning o‘z farzandlari hamda tarbiyalanuvchilarning umumiy soni 8 nafardan oshmasligi kerak.

Savol tug‘iladi. Oilaviy bolalar uyini kimlar ochishi mumkin?

Qarorda oilaviy bolalar uylarini tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan fuqarolar tashkil qilishiga ruxsat etiladi.

Oilaviy bolalar uylari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Milliy gvardiya hamda tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish sho‘’balari tomonidan amalga oshiriladi.

Tarbiyalanuvchilar 18 yoshga to‘lgunga yoxud boshqa sabablarga ko‘ra ketgunga qadar mazkur uylarda qoladi.

2022 yil 1 sentyabrdan boshlab oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga har oyda davlat byudjetidan 7 yoshgacha bo‘lgan tarbiyalanuvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida, 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan tarbiyalanuvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari miqdorida, shuningdek, oilaviy bolalar uyidagi har bir tarbiyalanuvchini parvarish qilish uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1 baravari (nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 1,5 baravari) miqdorida hamda oilaviy bolalar uyiga tarbiyaga olingan har bir nogironligi bo‘lgan bolani davolash-sog‘lomlashtirish uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida mablag‘ ajratiladi. 

Mablag‘lar har oyning 5-sanasiga qadar tutingan ota-ona nomiga ochilgan bank plastik kartasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazib beriladi. 

Tarbiyalanuvchilarga hududda joylashgan davlat sport majmualari, ma’naviy-ma’rifiy maskanlar, to‘garaklar, ot sporti seksiyalari, "Ishga marhamat" monomarkazlari va boshqa o‘quv markazlaridagi to‘garaklar va kurslarga bepul qatnashish huquqi beriladi. O‘zbekistan Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan yiliga bir marotaba sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olish uchun bepul yo‘llanmalar ajratiladi. Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan bir yilda ikki marotaba respublikamizning tarixiy shaharlariga bepul sayohatlar hamda teatr tomoshalari va konsert dasturlari tashkil etiladi. Davlat davolash-profilaktika muassasalari tomonidan bir yilda ikki marotaba bepul to‘liq, tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.

 Oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarga berilayotgan sog‘lomlashtirish oromgohiga va sayohatga borish, teatr tomoshalari va konsertlarda qatnashishga oid imtiyozlar oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarning farzandlariga ham tatbiq etiladi.

                                                                                                 O‘zA