Ma’lum qilinishicha, endilikda O‘zbekistonda oilaviy bog‘cha xodimlariga byudjetdan subsidiya ajratish elektron tizim orqali hisoblanadi.
«Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilingan.
Qarorga muvofiq 2022 yil 1 sentyabrdan davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan va oilaviy bog‘chalarda:
Byudjetdan subsidiyalar xodimlarning ishga kelib-ketishi hamda tarbiyalanuvchilarning davomatidan kelib chiqib, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimida avtomatik hisoblab chiqiladi.
Xodimlarning ishga kelib-ketishini hisobga olish hamda tarbiyalanuvchilarning davomatini yuritish mobil ilova yordamida shaxsni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi orqali amalga oshiriladi.
Hisobot oyida tarbiyalanuvchilarning oylik davomati ro‘yxatga olingan tarbiyalanuvchilarga nisbatan 40 foizdan kam bo‘lganda, ushbu oy uchun byudjetdan ish haqi to‘lanmaydi.
Qaror bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi nizomlar tasdiqlandi:
Davlat-xususiy sheriklik asosidagi bog‘chalarni tashkil etish uchun banklarga pul joylashtirish tartibi;
Nodavlat bog‘chalarga byudjetdan subsidiyalar va kompensatsiyalar to‘lash tartibi;
Oilaviy bog‘chalar to‘g‘risida;
Kechki smenada xotin-qizlar ishlaydigan tashkilotlardagi bog‘cha tarbiyachilarining ish haqini qoplash uchun byudjetdan kompensatsiya ajratish tartibi;
Nodavlat bog‘chalarni boshqarish axborot tizimi va «Elektron hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi o‘rtasida o‘zaro almashiladigan ma’lumotlar ro‘yxati.
O‘zA