Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oilaviy baxtda hikmat ko‘p
15:35 / 2024-05-15

15-may –Xalqaro oila kuni

Inson yoshi ulg‘aygani sari hayotning turli evrilishlarini teranroq his qila boshlaydi, yo‘l qo‘ygan xatolari, erishgan yutuqlarini takror va takror tahlil qilishni istab qoladi. Va shunday pallalarda esini taniganidan boshlab hozirgi kunigacha kechgan damlari, uchratgan odamlari, umr daftarida yorqin iz qoldirgan voqealarni bir-bir ko‘z oldidan o‘tkazadi. Qaysidir shaklda tarbiya olgan nuqtalari, sarosar kezgan so‘qmoqlari-yu suv ichgan buloqlaridan minnatdorlik tuyg‘usi bo‘y ko‘rsatadi...  

Hamma ham bolalikning sho‘x damlarini boshdan o‘tkazgan. Esimda, oilamizdagi kenja farzand bo‘lganim uchunmi, erkaligim sababmi, janjallashish yoki yig‘lab-siqtashlar orqali aka-ukalar o‘rtasida kechadigan tortishuv-bahslarda doim g‘olib bo‘lish nasib qilardi. Lekin bu “g‘oliblik” haqmi-nohaqmi, adolat kim tomonida ekaniga kechki paytga borib aniqlik kiritilardi. Chunki har kuni kechki dasturxon atrofida oila jamuljam bo‘lar, ovqatlanib bo‘lgach, “kirdikorlar” oshkor qilinardi. Misol uchun, onam mening “quloqsiz” bo‘lib borayotganimni, akalarim esa “falon-falon” qiliqlarim yuz ko‘rsatayotganini otamga aytib berardi.  

Keyinroq o‘ylab qarasam, birmuncha jahldor va salobatli otam qoshida kechgan bunday holatlar mendagi beboshlik, injiqlik va erkalikni bartaraf etishga xizmat qilgan, xarakterimda to‘g‘riso‘zlik, odillik, javobgarlik va mas’uliyat xislatlari shakllanishida katta rol o‘ynagan ekan. Qay ishga qo‘l urmayin, qanday beboshlik qilmayin, chek-chegara borligini, har bir xatti-harakatim uchun javob berishimni anglatib borgan ekan. Axir, qayerda bo‘lmagin, nima ishlar qilmagin, quyosh botgach, albatta “so‘rov” bo‘lishi aniq-ravshan edi-da! 

Milliy mentalitetimizda bir kunda uch mahal ovqatlanish uchun yoziladigan dasturxon o‘ziga xos o‘rin egallaydi. Chunki dasturxonga duo qilib bo‘lingach, yangi rejalar tuziladi, mahalla-ko‘yda ro‘y bergan voqealar tahlil qilinadi. Nima yaxshi-yu, nima yomonligi, ajdodlar tajribasi, insonni ulug‘lovchi yoki tubanlikka yetaklovchi xislatlar xususida so‘z yuritiladi. Tabiiyki, shu pallada oilaning kichik a’zolari ham o‘ziga xos ta’lim-tarbiya oladi.  

Darhaqiqat, oilada farzand tarbiyasida eng muhim usul bu shaxsiy namunadir. Ota-onaning xatti-harakatlari, yurish-turishi, muomalasi, o‘zaro munosabatlari farzandlarga namuna sifatida katta tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. E’tibor qilganmisiz, ota-onaning o‘zaro janjallari, oilaga, jamiyatga, atrof-muhitga salbiy munosabati, ro‘zg‘orni yuritishdagi pala-partishlik sharoitida o‘sgan bolalar hayotda ko‘p adashishadi. Aksincha, oiladagi yuksak axloqiy munosabatni ko‘rgan bola kelgusida oila qurganda ham o‘z turmush o‘rtog‘i bilan shunday yashashga tayyor bo‘lib boradi. 

“Qush inida ko‘rganini qiladi” deydi donishmand xalqimiz. Binobarin, buning natijasida oila kattalari zimmasiga ham muayyan mas’uliyat, javobgarlik yuklanishi tabiiy.  

Muhimi, odam oilada o‘zini baxtiyor sezsa, ishida ham, ijodida ham, topish-tutishida ham baraka bo‘ladi, asablari, turmush tarzi me’yorida kechadi. Binobarin, atrofida ko‘ngil yaqinlari, tirgaklari, hamdard va hamfikrlari borligini his qilib yashashning o‘zi baxt emasmi?! Oilalarning baxtli yashashi esa mamlakat, yurt ravnaqida muhim ahamiyatga ega. Oila – kichik vatan. Mitti vatanlarning bekam-ko‘stligi, mukammalligi, ahil-inoqligi davlat qudratidan dalolat. Abdulla Qahhor aytganidek, oilaviy baxtda hikmat ko‘p. Baxtiyor oila eng birinchi va eng kuchli tarbiya o‘chog‘i, demak, yoshlarimizning tolei, ertangi saodatli kishilar jamiyatimizning poydevoridir.  

Biz oilaparvar xalqmiz. O‘zbek oilasining o‘zigagina xos va mos bo‘lgan xususiyatlari rango-rang. Kattalarga hurmat-e’tiborda bo‘lish, ularning duosini olish, qat’iy tartib-intizom, milliy qadriyatlarga sadoqat, hayo-ibo, uyat va mas’uliyat, mardlik va to‘g‘riso‘zlik kabi jihatlar milliyligimizning yorqin jihatlaridan sanaladi.

Afsuski, hozirgi kunga kelib, ba’zan ota-onalarning o‘rni yo‘q, farzandlar parokanda oilalarga ham duch kelib qolamiz. Nega shunday? Chunki bu oilalarda avvalo oila boshilari o‘zlari mas’uliyatni his qilmaydi, so‘roq-savol, tahlil yo‘q, berilgan vazifalar natijasini surishtirish yo‘q, ajdodlar merosini avaylash, keyingi avlodga yetkazish yo‘q, dakki-dashnom yo‘q... Televizor yoki telefondan ko‘z uzmaslik, “tarbiyani maktabda berishar” qabilida ish tutish, e’tiborsizlik, faqat qorin uchun yashash qanday salbiy oqibatlarga olib kelishi esa kunday ravshan.  

Bugungi kunda ajrimlar sonining ortayotgani albatta, tashvishlanarlidir. Shu bois oilalarning mustahkamligini ta’minlash uchun barcha mas’ul bo‘lishi lozim. Ayniqsa, yoshlarni turmushga tayyorlash har bir ota-onaning muhim vazifasi bo‘lishi shart.  

Prezidentimizning “Oila men uchun muqaddas. Muqaddasligi shuki, avvalambor qayerda ishlashidan qat’i nazar, kim bo‘lishidan qat’i nazar, agar oilada tarbiya, oilada muhit, oilada halollik, munosabat, tarbiyaga alohida e’tibor bermasa, hech qachon natija bo‘lmaydi”, degan fikrlari zamirida olamcha ma’no mujassam. Zero, mamlakat ham – bir oila. Fuqarolar – bu ulkan oila a’zolari bir tan-bir jon bo‘lib harakat qilishi, biri boshqasiga ko‘zgu bo‘lishi, kamchilik-nuqsonlar do‘stona aytib turilishi, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, ezgulik sari qadam tashlanishi lozim.  

Ma’sudjon Sulaymonov,

Ma’naviyat va ma’rifat markazi

Farg‘ona viloyat boshqarmasining boshlig‘i. O‘zA