French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oilaviy ajralishlar 3 ming 230 taga kamaydi
11:36 / 2020-11-28

Milliy matbuot markazida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan “Mahallalarda uchrayotgan ijtimoiy muammolar, soha rivojining huquqiy asoslari hamda bu boradagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda bugungi kunda mahalla tizimida olib borilayotgan ishlar, mavjud muammolar, sohaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berildi.  

Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” farmoni soha rivojini yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.

Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 3 ming 335 xotin-qizning kichik biznes loyihalari uchun jami 70 milliard 922 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.

Tadbirkorlik markazlari tomonidan qariyb 20 ming 700 ayol tikuvchilik, pazandachilik, tadbirkorlik ko‘nikmalari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qitildi. 26 ming nafardan ziyod xotin-qizlar kasbga o‘qitish markazlarida kasbga tayyorlandi hamda 17 mingdan ortig‘i hunarmandchilik, 12 ming nafardan ortig‘i kasanachilikka jalb etildi.

Birgina joriy yilda 1 ming 127 nafar xotin-qizga uy-joy sotib olish uchun Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 19 milliard 426 million so‘m miqdoridagi boshlang‘ich badallar to‘lab berildi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda 797,1 ming nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.  

– Shu yilning 11 oyida ajralish yoqasiga kelib qolgan 16 ming 818 ta oila yarashtirildi, – dedi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Ma’rufova. – 11 ming 725 ta oilaning nikohi qonuniylashtirildi, oilaviy ajralishlar soni 3 ming 230 taga kamayishiga erishildi. Xotin-qizlarning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 11 ming nafar xotin-qizlarga banklar tomonidan 1 trillion so‘mdan ortiq kreditlar ajratilishiga ko‘maklashildi.

Mahalla komplekslarini tashkil etish bo‘yicha 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan hududiy manzilli dasturga asosan, 253 ta mahalla binosi yangidan qurildi, 166 tasining binosi rekonstruksiya qilindi, 998 tasi joriy ta’mirlandi. 986 ta bino fuqarolar yig‘inlarining o‘z balanslariga o‘tkazildi, 590 tasiga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida yangi binolar qurish uchun yer maydonlari ajratildi, 924 ta fuqarolar yig‘ini kompyuter, 751 tasi mebel jihozlari bilan ta’minlandi.

Matbuot anjumanida mavzuga oid berilgan savollarga vazirlik mutasaddilari tomonidan atroflicha javob berildi.

Gulnoza BOBOEVA, O‘zA