Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Mas’uliyatli ota-onalik” mavzusida ikki kunlik seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Unda mazkur loyihani bajarishga mas’ul etib belgilangan vazirlik, tashkilot va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Ahmedova va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda oilalarni har tomonlama rivojlantirish, xususan, sog‘lom oilani shakllantirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, bolalarni voyaga yetkazishning ma’naviy, iqtisodiy jihatlarini qo‘llab-quvvatlashga oid islohotlar, shuningdek, mazkur seminar-trening mazmun-mohiyati va ahamiyatiga to‘xtalishdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublika Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan amaliy chora-tadbirlar rejasida ta’lim muassasalari, mahallalar va mehnat jamoalarida “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasini ishlab chiqish va tatbiq etish vazifasi belgilab berildi.
[gallery-24785]
Barchamizga ma’lumki, ma’naviy-axloqiy, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan farovon va ibratli oilalarni shakllantirish, oilalarda jismonan va ruhan sog‘lom bo‘lgan farzandlarni dunyoga kelishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Lekin hali e’tibor qaratadigan va amalga oshirish zarur bo‘lgan ishlar talaygina. Olib borilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, reproduktiv salomatlik xizmatlari sifatini oshirish hamda sog‘lom oilalalarni shakllantirish borasida bir qator tizimli muammolar yuzaga kelgan.
Loyihada nafaqat onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalari, balki yoshlarni oilaga tayyorlash, ota-onalik ko‘nikmalari va ta’lim dasturlariga ehtiyoj yuqori ekanligi, oiladagi nizolarni barvaqt aniqlash va uni hal etish hamda asossiz yoki arzimas sabablar bilan oilalarning buzilib ketishini oldini olishda professional yondashuvlar talab etiladi. Xususan psixologik, huquqiy, tibbiy bilimlarning yetishmasligi kabi holatlar, yosh oilalardagi ajrimlar, voyaga yetmagan qizlar orasidagi tug‘ruq holatlari masalaga jiddiy yondashish zarurligi va“Mas’uliyatli ota-onalik” kabi loyihalarni faoliyatga tezkorlik bilan sifatli tadbiq etish lozimligini ko‘rsatmoqda.
Murabbiylar tayyorlashga qaratilgan ikki kunlik o‘qishlar aynan mana shu loyihani amalga oshirishning birinchi bosqichi hisoblanadi.
Seminar yakunida respublikada onalik va bolalikni muhofaza qilish, oilalar mustahkamligi va barqarorligini ta’minlash, reproduktiv salomatlikni yaxshilash hamda loyiha g‘oyasini hayotga tatbiq etish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab olindi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari