Hukumatning 2026 yil 29 yanvardagi qarori bilan “Ijtimoiy reyestrni yuritish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, ariza beruvchi oilasini Reyestrga kiritish uchun davlat xizmatlari markazi, vakolatli organga borgan holda yoki ijtimoiy xodim orqali murojaat qiladi.
Shuningdek, “YAMIH” AT, YAIDXP yoki “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali mustaqil ravishda ariza berish imkoni ham yaratilgan.
Ta’kidlash joizki, har bir oila 1 oyda faqat 1 marta ariza topshira oladi.
Oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati dastlabki baholashdan o‘tkaziladi.
Baholash natijasi bo‘yicha ariza beruvchining oilasini “davlat ta’minotidagi oila” va “kambag‘al oila” deb topishni rad etish uchun asoslar aniqlanmagandagina ariza ijtimoiy xodimning shaxsiy kabinetiga savolnoma to‘ldirish uchun yuboriladi.
Ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangan savolnoma axborot modulida avtomatik ravishda “mahalla yettiligi”ga yo‘naltiriladi.
Xulosa “mahalla yettiligi” tomonidan tasdiqlangandan so‘ng “YAMIH” AT 3 ish kuni ichida oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holatini yakuniy baholashdan o‘tkazadi.
Oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan 1 oylik jami o‘rtacha daromad oxirgi 3 oy uchun hisoblab chiqilgan barcha oila a’zolarining daromadi summasini oila tarkibiga kiritiladigan oila a’zolari soniga va 3 ga bo‘lish orqali aniqlanadi.
Reyestrga oilalar “davlat ta’minotidagi oila”, “kambag‘al oila” va “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifalariga ajratilgan holda kiritiladi.
Oilalar ular Reyestrga kiritilgan kundan boshlab quyidagi muddatlarda oila a’zolari ishtirokida savolnoma qayta to‘ldiriladi:
“davlat ta’minotidagi oila” – har 12 oyda;
“kambag‘al oila” – har 6 oyda.
Mazkur tizim orqali aholiga yanada qulaylik yaratish maqsad kilingan.
Sherbek Islomov tayyorladi, O‘zA