French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oilalarga tayanch va taskin maskan
11:23 / 2025-09-29

Tashrifdan so‘ng

Prezidentimizning 2025 yil 8 maydagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Faol hayotga qadam” dasturi joriy etildi. Mazkur sohadagi davlat-xususiy sheriklik dasturiga respublika bo‘yicha 600 tadbirkor qo‘shilgan bo‘lib, ularning 46 nafari Namangan viloyatida faoliyat yuritmoqda.

Jumladan, Yangi Namangan tumanida tadbirkor Hurriyat Ortiqova tomonidan tashkil etilgan “Faol hayotga qadam besh xizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyat o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

Ushbu markaz joriy yilda tadbirkorning 120 million so‘m shaxsiy mablag‘i hisobidan tashkil etilib, zamonaviy qulayliklar, tibbiy va reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yildi. Markazning quvvati 16 o‘rin bo‘lib, hozirda sakkiz nafar ayol kunduzgi parvarish xizmati bilan qamrab olingan.

Bu yerda terapevt, kardiolog va revmatolog  kabi shifokor mutaxassislar hamkorligida individual dasturlar asosida o‘zgalar parvarishiga muhtoj kishilar uchun har kuni sakkiz soatlik mashg‘ulotlar o‘tkazilib, avvalo, insonlarning sog‘lig‘ini tiklash, funksional imkoniyatlarini oshirish va ijtimoiy hayotga qaytishiga ko‘maklashmoqda.

Markaz xodimlarining sa’y-harakatlari natijasida qisqa davr ichida nafaqat maskanda turuvchilar, balki ularning yaqinlari hayotida yaxshi natijalarga erishilishi ta’minlandi. Xususan, sakkiz kishining o‘z-o‘ziga xizmat qilish darajasi yaxshilandi. Besh nafar xizmat oluvchining oila a’zosi ishga joylashdi. Bir kishi o‘qishini davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ikki nafar shaxs qo‘l mehnati orqali o‘zini-o‘zi band qilgan bo‘lsa, ikki ona farzandini parvarishlash uchun vaqt topa oldi. 

Darhaqiqat, markaz faoliyati insonlarning salomatligini tiklabgina qolmay, butun oilalar hayotida ijobiy o‘zgarishlar yasamoqda. Masalan, xizmat oluvchi Salomat Parpiyeva insultdan so‘ng markazga jalb etildi va mustaqil harakatlana boshladi. Uning turmush o‘rtog‘i esa markazga haydovchi sifatida ishga qabul qilindi. Bu oilaning rasmiy daromadi 495 ming so‘mdan 1 million so‘mga oshdi.

Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi Mavluda Qosimova kunduzgi qarab turish xizmatiga jalb etilganidan so‘ng, uch oy davomidagi mashg‘ulotlar natijasida hassa yordamida 5-10 qadamgacha yurish va mustaqil ovqatlanish ko‘nikmasini tikladi. U davolovchi jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarida faol qatnashmoqda. Buning natijasida uning qizi Tursunoy Qosimova ishga kirib, oilaning iqtisodiy ahvoli yaxshilandi.

– Shuni alohida e’tirof etish darkor, viloyatimizning o‘zida “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida 3 ming 732 ta vaucher orqali uyda ijtimoiy-maishiy, kunduzgi qarab turish, uyda tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya, uy sharoitida qarov, shaxsiy yordamchi kabi turli xizmatlar ko‘rsatildi, – deydi Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Ibrohim Hojiyev. – Buning natijada 354 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi hamda 392 oila “Kambag‘allik” reyestridan chiqarildi. Kunduzgi qarab turish xizmati insonlarni sog‘lom hayotga qaytish, oilalarni iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlarini oshirish imkonini bermoqda. E’tiborlisi, respublika bo‘ylab dastur doirasida o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 24 ming shaxs ana shunday xizmatlardan foydalanmoqda.

Joriy yilning mart oyidan boshlab yurtimizda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bunday loyihalar xususiy sheriklik asosida, davlat tomonidan subsidiya orqali amalga oshirilmoqda. Birinchilardan bo‘lib Yangi Namangan tumanida tadbirkor Sayyora Qosimova tashabbusi bilan ta’sis qilingan “Firdavs” kunduzgi parvarish markazi ana shunday tayanch va taskin maskanlaridan. 

Bugungi kunda butun respublika bo‘yicha jismoniy imkoniyati cheklangan jajjilarga mo‘ljallangan faoliyat yo‘nalishida 289 tadbirkorlik sub’ekti ish olib borib, ularning 15 tasi Namangan viloyati hududiga to‘g‘ri keladi. Respublika kesimida mazkur xizmatdan uch ming, Namangan viloyatida esa 185 nafar bola foydalanmoqda.

150 million so‘m investitsiya hisobiga, zamonaviy sharoitlarga ega binoda bolalar uchun 36 o‘rinli maxsus ta’lim va reabilitatsiya markazi tashkil etilib, unda 13 mutaxassis va pedagog 13 ta xizmat turi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatmoqda. Bolalar kun davomida to‘qqiz soatlik individual o‘quv-trening dasturlari bilan qamrab olinadi. Mashg‘ulotlarni nevropatolog, defektolog, surdolog, audiolog, pedagog va psixologlar olib borishadi.

Masalan, 15 yoshli qiz dastlab “mo‘’tadil aqliy zaiflik, karlik va soqovlik” tashxisi bilan qabul qilingan. Harf tanimas, gapirolmasdi ham. Hozirda uning ahvoli yengil darajaga tushirildi, kitob o‘qishni boshladi. Ota-onasi universitetdagi ilmiy va o‘quv faoliyatini davom ettirmoqda.

Yoki 11 yoshli o‘g‘il bolani olaylik, u og‘ir tashxis bilan iyul oyida qabul qilingan. Shundan uch oy o‘tgach mustaqil ravishda 15-20 ta mustaqil talaffuz qilishni o‘rgandi. Ishlashni boshlab daromadga kirgan oila a’zolari esa farzandining ijobiy rivojlanishidan mamnun.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbari shu yil 16-17 sentyabr kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida ta’kidlab o‘tganidek, mutlaqo yangicha joriy etilgan ijtimoiy himoya tizimi Yangi O‘zbekistonda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligini, bu kabi ijtimoiy loyihalar miqyosi yanada kengaytirilib borilayotganligini ifoda etmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA