Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oilalarga moddiy yordam beriladi
11:19 / 2026-02-25

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga muvofiq, Ramazon oyini munosib o‘tkazish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda ehtiyojmand qatlamlarni manzilli himoya qilish maqsadida Sirdaryo viloyatida 19 ming 365 ta oilaga bir martalik moddiy yordam ajratiladi.

Belgilangan mablag‘lar 1-martga qadar fuqarolarning ijtimoiy yoki bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligining Sirdaryo viloyat boshqarmasi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, davlat ta’minotidagi oilalarga 1 million so‘m, kambag‘al oilalarga esa 500 ming so‘m miqdorida moddiy ko‘mak beriladi. Jumladan, viloyatdagi 6 ming 268 ta davlat ta’minotidagi oila, 536 nafar yolg‘iz keksa, 209 nafar yetim hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalarga 1 million so‘mdan ajratiladi.

Shuningdek, 11 ming 102 ta kambag‘al oila hamda mahalla “yettiligi” xulosasi asosida shakllantirilgan ro‘yxatga kiritilgan 1 ming 250 ta oilaga 500 ming so‘mdan moddiy yordam ko‘rsatiladi. Ro‘yxatlar aholining haqiqiy ehtiyojidan kelib chiqqan holda shakllantirilgan bo‘lib, jarayon ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida, har bir mahalla kesimida amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda joylarda ijtimoiy xodimlar tomonidan ehtiyojmand oilalarga Ramazon tabriklari yetkazilib, moddiy yordam tayinlangani haqida xabarnomalar tarqatilmoqda. Xususan, Guliston shahrining Ahillik, Boyovut tumanining Beruniy va Sohil mahallalarida mazkur jarayon uyushqoqlik bilan tashkil etildi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu bir martalik moddiy yordam nafaqat oilalarning ijtimoiy ahvolini yengillashtirish, balki ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Ayniqsa, Ramazon oyida ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, bag‘rikenglik va insonparvarlik muhitini yanada mustahkamlaydi.

Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi. Ushbu xayrli tashabbuslar davlat tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi izchil takomillashtirilayotganini, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri