Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oilalardagi muammolar tahlil qilindi
15:59 / 2025-10-23

Jizzax shahrida oila institutini mustahkamlash, ajrimlarning oldini olish hamda yoshlar o‘rtasida erta nikoh va erta tug‘ruq holatlariga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbir “Nuroniy” jamg‘armasining Jizzax viloyat bo‘limida viloyat sudining tashabbusi bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Jizzax hududiy boshqarmasi, viloyat adliya, oila va xotin-qizlar, ichki ishlar, maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining Jizzax viloyati boshqarmasi hamkorligida o‘tkazildi.

Yig‘ilishda jamoatchilik tuzilmalari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari – “Oqila ayollar” harakati, “Buvijonlar maktabi” a’zolari, imom-xatiblar, nuroniylar, otinoyilar ishtirok etishdi.

Muloqot davomida oilaviy munosabatlardagi muammolar tahlil qilindi, ajrimlarning oldini olishda tizimlararo hamkorlikni kuchaytirish, huquqiy madaniyatni oshirish hamda yoshlar ongida mas’uliyatni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

– Joriy yilning yanvar – sentyabr oylari davomida O‘zbekistonda sudlarga 52 mingdan ortiq oila tomonidan ajralish  bo‘yicha ariza berilgan, shundan 27 mingtasi qanoatlantirilgan, – deydi Jizzax viloyat sudi raisi o‘rinbosari, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Nodirjon Rasulov. – Bu raqamlar oilaviy munosabatlardagi muammolarning ko‘payganini, shu bilan birga, fuqarolarning o‘z huquqlarini himoya qilishdagi faolligi va sudlarga bo‘lgan ishonchini ham ko‘rsatadi. Ammo ajrimlarning ko‘payishi, ajrashgan oila farzandlarining tirik yetim bo‘lib qolishi – achinarli holatdir. Shu bois, bu muammolarga barham berish uchun barchamiz birdek harakat qilishimiz lozim bo‘ladi.

Yig‘ilish yakunida aniq vazifalar belgilab olindi va har bir tashkilot hamda jamoat tuzilmasining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini tizimli hamda samarali yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA