“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining yangi loyihasi Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarining tobora ildamlashuvida yangi istiqbollarni ochmoqda.
Mazkur loyiha oilalar mustahkamligini ta’minlash, uning totuvligi va rivojiga oid yangi istiqbollarni ko‘zda tutishi bilan diqqatga sazovor.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi yangi loyihasining oilalar ahilligi, ezgu qadriyatlarimiz bardavomligini saqlashdagi o‘rni haqida “Oila va gender” ilmiy tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i Xurshida Saydivaliyeva quyidagilarni gapirib berdi:
– “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining yangi loyihasida mamlakat ijtimoiy taraqqiyotiga doir bir qator ustuvor yo‘nalishlar belgilangan bo‘lib, ular orasida oilani mustahkamlash va xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash asosiy vazifalardan biri sifatida qayd etilgan. Jumladan, Strategiyaning 25-maqsadi aynan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash hamda gender tenglikni qaror toptirishga qaratilgan.
Mazkur maqsad doirasida oilaviy nizolarni hal etish, nizoli oilalarni sog‘lom muhitga qaytarish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, har qanday jamiyatning poydevori bo‘lgan oila mustahkam va tinch bo‘lsagina, yurt taraqqiyoti va xalq farovonligiga erishish mumkin. Shu bois, Yangi O‘zbekiston sharoitida nizoli oilalar muammosini bartaraf etish – davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylandi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda oilalardagi nizoli holatlarni erta aniqlash va bartaraf etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Har bir mahalla va hududda tegishli idoralar va jamoat tuzilmalari hamkorligida “normal muhitdan chiqib qolgan” oilalarni ro‘yxatga olish va ular bilan individual ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, 2022 yil mart oyidan boshlab «Nizoli oilalar bilan individual ishlash daftari» joriy etildi. Bu orqali har bir muammoli oila yoki uning vakillari bilan manzilli ish olib borish mexanizmi ishlab chiqildi. Bunda faqat mahallaning xotin-qizlar faoli yoki oila masalalari bo‘yicha mutasaddisigina emas, balki profilaktika inspektorlari va boshqa tegishli idoralar vakillari ham jalb etilib, har bir nizoli oila holati o‘rganilmoqda.
Shu tarzda, joylarda maxsus guruhlar “notinch” oilalar bilan suhbatlar, maslahatlar o‘tkazib, zarur hollarda psixologik yordam va huquqiy ko‘mak berib kelmoqda. Shu bilan birga, mahallalar darajasida xotin-qizlar faollari faoliyatini baholash mezonlari takomillashtirilgani e’tiborga molik. Endi faqat son bilan hisobot berish emas, balki har bir oilada haqiqiy tinchlik va ahillikka erishish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan. Demak, bugungi kunda nizoli oilalar bilan ishlash davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan kompleks va tizimli amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida nizoli oilalar muammosini yechish yuzasidan aniq maqsad va ko‘rsatkichlar belgilangani ushbu sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Xususan, 25-maqsad doirasida jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka murosasizlik muhitini yaratish hamda ayollar huquqlarini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan.
Bu esa oila doirasidagi mojarolarning oldini olish, ayollar va bolalarning xavfsizligini ta’minlash, deganidir. Eng muhimi, ushbu strategiyada ilk bor nizoli oilalar sonini keskin qisqartirish bo‘yicha aniq miqdoriy natija belgilandi: ya’ni 2030 yilgacha 91 mingta oilani sog‘lom va ahil turmush tarziga qaytarish rejasi ilgari surilgan.
Albatta, nizoli oilalarni sog‘lomlashtirish – faqat raqamgina emas, balki minglab ayollar va bolalarning taqdiri, ularning xonadoniga tinchlik va baxt olib kelish demak. Strategiyada belgilangan mazkur ko‘rsatkichlar to‘g‘ri va vaqtida qo‘yilgan chora deb baholash mumkin. Zero u davlat organlarini aniq natijaga yo‘naltirib, mas’uliyatni oshiradi.
Nizoli, notinch va ajrim yoqasida turgan oilalarni murosaga keltirish bo‘yicha aniq bosqichma-bosqich maqsadlar belgilangan. 2026 yilda 17–19 ming oilani qamrab olishdan boshlab, keyingi yillardagi qamrov kengayib boradi: 2027 yilda — 38 ming, 2028 yilda — 56 ming, 2029 yilda — 74 ming va 2030 yilda — 91 ming oilagacha. Bu raqamlar strategik ijtimoiy barqarorlikni yaratishga qaratilgan rejali yondashuvni aks ettiradi.
Har yili 17–19 mingga yaqin nizoli oilani “E-ijtimoiy profilaktika” tizimi orqali murosaga keltirish nazarda tutilgan. Umumiy besh yillik maqsad 91 ming oilani qamrab oladi. Bu reja faol profilaktika usuli asosida amalga oshirilmoqda, ya’ni muammoli holatlar vujudga kelmasidan avval aniqlash va oldini olish maqsad qilingan.
Birinchidan, bu ko‘rsatkichlardagi o‘sish dinamikasi shundan dalolat beradiki, har yili tizim imkoniyatlari va inson resurslari kengayib boradi, ya’ni profilaktik xizmatlar, psixologik yordam markazlari, mahallalardagi xotin-qizlar faollari tayyorgarligi va raqamli monitoring mexanizmlari takomillashadi. Bu esa ko‘proq oilalarni qamrab olish va muammolarni ertaroq hal etish imkonini beradi.
Ikkinchidan, bu yondashuv orqali manzilli yordamga muhtoj oilalar aniqlanib, ular bilan individual tarzda ish olib borish, keys menejment usullari, oilaviy mediatsiya usullarini qo‘llash imkoniyati kengayadi.
Uchinchidan, bu jarayon oilalar bilan ishlashda uzoq muddatli kuzatuv va tahlil imkoniyatini ham yaratadi. Sog‘lomlashtirilgan oilalarning keyingi yillardagi holatini o‘rganish orqali olingan tajriba kelajakda samarali yechimlarni shakllantirishda asos bo‘ladi.
Ilmiy manbalarda ta’kidlanganidek, nizoli muhitda o‘sgan bolalarning kelgusida o‘sha nizoni qayta takrorlash ehtimoli yuqori bo‘ladi. Demak, har bir murosaga erishilgan oila nafaqat bugungi kun uchun, balki kelajak avlodning barqaror va sog‘lom rivojlanishi uchun qo‘yilgan muhim qadam hisoblanadi.
Qolaversa, bu kabi chora-tadbirlar ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, xotin-qizlar xavfsizligini kafolatlash va oila institutini mustahkamlashga xizmat qiladi. Davlat uchun esa bu strategik jihatdan to‘g‘ri yo‘l. Chunki ajrim oqibatida yuzaga keladigan ijtimoiy va iqtisodiy yo‘qotishlar (ijtimoiy nafaqalar, bolalar uylari, sud ishlari, psixologik xizmatlar) oldini oladi.
O‘zA muxbiri
N.Usmonova yozib oldi.