Bugungi kunda aholi bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda tomorqalardan samarali foydalanish orqali daromad manbalarini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Buxoro viloyati Shofirkon tumanining “Sharof Rashidov” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qilayotgan mehnatkash va tashabbuskor fuqarolar hayoti bunga yorqin misol bo‘la oladi.
Xususan, Yangiqishloq qishlog‘ida yashovchi Gulsanam Rahmatova o‘zining fidokorona mehnati, izlanuvchanligi va tashabbuskorligi bilan mahalladoshlari orasida katta hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lgan. U halol mehnat orqali barqaror daromad topish va oilaviy farovonlikka erishish mumkinligini amalda isbotlab kelmoqda.

Oilaga qarashli 25 sotix tomorqa maydonida har yili ekinlar reja asosida ekilib, parvarishi o‘z vaqtida olib boriladi. Mehnat samarasi esa e’tiborga molik. Shuningdek, oila a’zolari chorvachilik va asalarichilik yo‘nalishida ham samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Xususan, Kaliforniya, Yangi Zelandiya, Oq gigant va Kulrang gigant zotlariga mansub 100 dan ortiq quyon, 7 bosh sog‘in sigir, 150 ta asalari oilasi hamda 30 ta tovuq boqilmoqda. Natijada sut, go‘shti va tuxum va yiliga 2 tonnadan ortiq asal mahsulotlari olinib, oilaning o‘z ehtiyojidan ortgani mahalliy bozorlarga yetkazib berilmoqda.

Bundan tashqari, 3 sotix maydonda ekilgan 25 tup anor daraxtlari parvarishlanib, bu xonadon uchun yana bir qo‘shimcha daromad manbai bo‘lishi kutilmoqda. Mehnatdan rohat topib yashayotgan ushbu oila yiliga o‘rtacha 150–200 million so‘m daromad topib, mablag‘larni yangi rejalar va ezgu maqsadlar yo‘lida sarflamoqda.

Shuningdek, mahallaning Yangiobod qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Gulsoda To‘rayeva ham namunali tadbirkor ayollardan biri hisoblanadi. 25 yillik tajribasiga ega bo‘lgan ushbu xonadon bekasi bugunga qadar 100 nafardan ortiq shogirdlarga kasb sirlarini o‘rgatgan. Faoliyatini kengaytirish maqsadida kredit mablag‘lari hisobidan 5 dona tikuv mashinasi xarid qilgan. U asosan quroqchilik yo‘nalishida faoliyat yuritib, kelgusida ishlab chiqarish ko‘lamini yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda. Hozirda uning oylik sof daromadi 10 million so‘mgacha yetmoqda.
Mazkur oilalarda yo‘lga qo‘yilgan tadbirkorlik faoliyatlari yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish jarayonida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlar ijobiy baholanib, mazkur xonadonlarning mehnati va tashabbuslari e’tirof etildi.
Shubhasiz, bunday mehnatkash va tashabbuskor oilalar jamiyatimizda tadbirkorlik muhitini rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirish hamda farovon turmush tarzini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.