Oila – kichik Vatan, u tinch bo‘lsa, baxtli bo‘lsa, Vatan tinch bo‘ladi. Oila institutini tadqiq qilish, undagi muammolarga yechim topish orqali jamiyatdagi ko‘plab dolzarb masalalarga yechim topiladi.
Shu jihatdan,bugun “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot institutida amalga oshirilayotgan loyihalar oila, xotin-qizlar va gender bilan bog‘liq masalalarda alohida ahamiyat kasb etmoqda. “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdiyeva 2025 yilda institut tomonidan amalga oshirilgan loyihalar haqida quyidagilarni gapirib berdi:
– Bugungi shiddatli davrda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va gender tengligini ta’minlash masalasiga davlat siyosati darajasida katta e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishdagi farmon, qarorlar tizimdagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilyapti. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, milliy siyosatimiz markazida turadigan eng ezgu maqsad – oilalar mustahkamligini, ayollarimizning huquqiy himoyasi va osoyishta hayotini ta’minlashdan iborat.
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni ilmiy-uslubiy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2025 yilda institut tomonidan oilalarga ta’sirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatishning samarali tizimini yaratish maqsadida 12 ta ilmiy-tadqiqot loyihasi amalga oshirildi. Ularning natijasida oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida 18 ta tahliliy ma’lumotnoma tayyorlandi hamda faoliyatida foydalanish uchun mutasaddi tashkilotlarga taqdim etildi.
2025 yilda institut olimlari tomonidan amalga oshirilgan loyihalardan biri “Mas’uliyatli ota-onalik”dir. Bu shunchaki loyiha emas, bo‘lajak ota-onalar uchun oilaga tegishli yangi bilimlar majmui bo‘lib, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, oiladagi ijtimoiy, ma’naviy, tarbiyaviy muhitni yaxshilash bo‘yicha amaliy tavsiyalarni o‘z ichiga olgan yirik dastur hisoblanadi. Loyiha doirasida “Mas’uliyatli ota-onalik” veb-sayti ishga tushirildi. Veb-saytga 5 ta moduldan iborat onlayn o‘quv kurslari, raqamli kutubxona, psixologik treninglar va foydali maslahatlar ruknlari tashkil etildi.
Yana bir loyiha talabalar turar joylaridagi talaba-qizlar uchun o‘quv-informatsion platforma (www.marifatqizlar-edu.uz) test rejimida ishga tushirildi. Platformada 2 ta onlayn kurs, so‘rovnoma, yuridik va psixologik maslahatlar, media (rasm, illyustratsiya, infografika) hamda ball/darajaga asoslangan “mukofotlar” tizimi mavjud.
2025 yilda oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir 61 nomdagi uslubiy material nashrga tayyorlandi. 14 ta dasturiy mahsulot va qo‘llanmaga Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasidan mualliflik guvohnomalari olindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahrida “Kitoblar karvoni” loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida mahalla xotin-qizlar faollariga oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir 24 nomdagi jami 108 ming 800 nusxada uslubiy materiallar yetkazib berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi “Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida qo‘mita tizimi xodimlari, shuningdek, mahalladagi xotin-qizlar faollarining malakasini oshirish, ularning faoliyatini uslubiy qo‘llab-quvvatlashga ko‘rsatma berilgan. Mahalladagi xotin-qizlar faollarining alohida dastur asosida malakasini oshirib borish vazifasi asosan “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot institutiga yuklatilgan. Bu yo‘nalishda tasdiqlangan reja-grafik asosida respublikaning 14 ta hududi 71 ta tuman (shahar)laridagi 3 ming 239 ta mahalladan 1 ming 974 nafar mahalla xotin-qizlar faollari uchun 36 soatlik malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Oila, xotin-qizlar va gender tenglik masalalariga oid xalqaro indeks va reytinglarda O‘zbekiston o‘rnini yaxshilash bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish va tegishliligi bo‘yicha vazirlik va idoralarga kiritib borish yo‘nalishida ham qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, “Gender raqamli tafovut”, “Ayollar, biznes va qonun”, “Global gender tafovut”, “Ijtimoiy institutlar va gender”, Fransiyaning “kasbiy tenglik” indeksi va “Gender Data Compass” reytingida O‘zbekiston o‘rnini yaxshilashga to‘siq bo‘layotgan muammolar aniqlandi hamda ularning yechimiga qaratilgan 7 ta tahliliy ma’lumotnoma tayyorlanib, tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etildi.
Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksi (WBL 2026) hisoboti loyihasini ishlab chiqish jarayonida ishtirok etildi hamda bu boradagi normativ-huquqiy baza va amaliyot chuqur ilmiy tahlil qilindi.“Gender tadqiqotlar” ilmiy-o‘quv laboratoriyasi ishga tushirildi. Laboratoriyaga zamonaviy statistik dasturiy ta’minotlar joriy etildi, maxsus ma’lumotlar bazasi shakllantirildi.
2026 yilda ham “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan qator ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Ularning barchasi oilalar mustahkamligi, xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini yanada oshirish, otalarning oila, farzand tarbiyasidagi ishtirokini yanada oshirish, gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan.
O‘zA muxbiri
N.Usmonova yozib oldi.