Buxoroda xotin-qizlarning huquqiy manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish maqsadida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublika Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi va uning bo‘limlari mutaxassislari, mahallalardagi xotin-qizlar faollari ishtirok etdi.
Og‘ir ijtimoiy sharoitdagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar hamda mahalla xotin-qizlar yetakchilari faoliyatining muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari, oilalar va xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishda bank xizmatining ahamiyati, ijaraga olish, ayollar va bolalar huquqlarini ta’minlash kabi muhim mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Shuningdek, hududda og‘ir ijtimoiy sharoitdagi xotin-qizlarni yanada qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar hamda mahalla xotin-qizlar yetakchilari faoliyatining muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari haqida “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi Husniddin Norqulov batafsil tushuncha berdi.
Seminarda sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, “Xalq banki” viloyat filiali, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi viloyat boshqarmasi, viloyat davlat aktivlarini boshqarish agentligi kabi bir qator mutasaddi tashkilotlarning vakillari, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti ruhshunosi tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar muhokama etildi.
Jumladan, oilada ruhiy barqarorlikni ta’minlash, mahallalardagi hokim yordamchilari orqali xotin-qizlarga daromad manbalarini yaratish, sog‘lom turmush tarzi, sog‘lom oilani shakllantirish, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan fuqarolar bilan ijtimoiy, huquqiy va psixologik tadbirlarni kuchaytirish, qolaversa, hunarmandchilikka ishtiyoqmand xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash kabi muhim jihatlarga e’tibor qaratildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri