Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oilalar barbod bo‘laversa, jamiyatning holi ne kechadi?
15:54 / 2023-02-24

Mulohaza

Qurilayotgan oilalardan har oltinchisi barbod bo‘lmoqda...  

Yoshlar mavzusi yana kun tartibiga chiqdi. Ularni himoya qilish, manfaatlarini ta’minlash va, eng muhimi, tarbiyasini yaxshilash zarur.  

Lekin bola tarbiyasi haqida qancha balandparvoz gaplar aytilsa ham, choralar ko‘rilsa ham baribir o‘zanning quyi qismi – oila barqaror bo‘lmasa, tarbiya yetarli bo‘lmasa, barchasi bekor.    

Zotan, azaldan ajdodlarimiz oilani muqaddas qo‘rg‘on, muhim tarbiya o‘chog‘i, deb bilganlar. Bu haqiqatan ham isbot talab qilmaydigan haqiqat. Ammo parokandalikka yuz tutayotgan oilalar ko‘payib borayotgani bunga soya sola boshlagani bizni qachon tashvishga soladi?  

Bir oila buzilsa, bir bola tirik yetim bo‘lsa, shu yerda kemtiklik boshlanadi. Bolasiga ham ona, ham ota bo‘la oladigan kuchli ayollar ham bor, albatta. Lekin ular mingdan bir bo‘lishi mumkin. Qo‘lida hunari, tayinli ishi yo‘q ayollar buning uddasidan chiqishi dargumon. Qolaversa, tarbiyada otaning o‘rnini baribir hech kim bosa olmaydi.  

Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilda nikohdan ajralishlar soni 48,7 mingtani tashkil etgan. Bu qurilayotgan oilalardan har oltinchisi ajrashayotganini anglatadi. Chunki o‘tgan yilda FHDYO organlari tomonidan respublika bo‘yicha 296 ming 787 nikoh qayd etilgan.  

Achinarlisi, ajrimlar 2021 yilga nisbatan qariyb 24 foizga oshgan.  

Keyingi besh yil misolida olib qaraydigan bo‘lsak ham ajrimlar sezilarli ravishda ko‘paygan. Misol uchun, 2018 yilda 32,3 mingta, 2019 yilda 31,4 mingta, 2020 yilda 28,2 mingta, 2021 yilda 39,3 mingta nikohdan ajralish qayd etilgan.  

2022 yilda nikohdan ajralishlarning 30,2 mingtasi shaharda, 18,5 mingtasi qishloq joylarida yuz bergan. Nikohdan ajrashganlarning eng ko‘pi – 50,5 foizi 35 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga to‘g‘ri keladi.  

Ko‘rinib turibdiki, eng navqiron yoshdagi erkak va ayollar ajrashishga jazm etmoqda. Taassuflanarlisi, o‘rta yosh hisoblanuvchi bu shaxslarning oilalarida bolalar bor.  

FHDYO organlari tomonidan 2022 yilda 939 ming 46 nafar  bola tug‘ilgani qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan qariyb 13 mingtaga ko‘p. Ajrimlar ko‘paygani barobarida bola tug‘ilishi ham ko‘paygani – bu (katta ehtimol bilan) tirik yetimlar ko‘payganidan dalolat beradi.  

O‘ylab qolasan kishi. Dunyoda sodir bo‘layotgan hodisotlar, tabiiy ofatlar oqibatida barbod bo‘lib, yo‘q bo‘lib ketayotgan oilalar qayerda-yu, arzimagan bahonayu sabablar bilan ajrashib ketayotganlar qayoqda?  

Bunday hollardan moddiy ne’matlar, arzimagan gap-so‘zlar tufayli ajrashayotgan er va xotinlar saboq olsa, ko‘zlarini ochsa bo‘lmasmikin? Axir ularning ko‘ngil ko‘chalari tirik yetim bo‘lib, o‘ksib yashashga mahkum etilayotgan qorako‘z jigarbandlaridan muhim emasku!  

To‘g‘ri, gohida bir-biriga umuman to‘g‘ri kelmaydigan yigit va qiz oila qurishi mumkin. Birovni majburlab yashattirishga hech kim haqli emas, albatta. Lekin shunday vaziyatda ham bolalar  tug‘ilaveradi.    

Shular haqida o‘ylaganda, avvalo, oila qurish borasida shoshqaloqlikka yo‘l qo‘yayotgan ota-onalar aybdor emasmi, degan haqli savol tug‘iladi.  

Yigitlar onasining qistovi bilan umuman tanimagan, bilmagan, fe’l-atvori haqida zarracha tasavvuri yo‘q, tabiati o‘ziga mos keladimi-yo‘qmi, buni ham bilmaydigan qizlarga uylanib ketaverishi esa hech aqlga sig‘maydi. Axir oila insonning bo‘yi-basti,  qoshu ko‘zlari yoki ota-onalarning mol-davlati bilan o‘lchanmaydiku. Ko‘ngil-ko‘ngilga mos tushmas ekan, bunday oilada huzur ham, halovat ham bo‘lmasligini anglash vaqti kelmadimi?  

Yana bir gap: turmush tarzimizdagi mana shu pala-partishliklar kinolarda ham aks etayotgani va odamlarning dunyoqarashi sayozlashib borayotgani yanada achinarli.  

Zero, odamlar, xususan, erkak va ayol o‘rtasidagi go‘zal tuyg‘u – sevgi, mehr-muhabbat – umuminsoniy qadriyatlar sirasiga kiradi. Mana shu qadriyat kuylangan she’r ham, hikoya ham, roman ham, kino ham qalblarda aks sado beradi. Hatto insoniyatning ma’naviy xazinasi sifatida mangulikka daxldor bo‘la oladi.  

O‘tkinchi hoyu-havaslar yoki puch tuyg‘ular aks etgan asarlar esa puch yong‘oq misoli axlat qutisidan joy oladi, xolos. Eng yomoni, bu “puch yong‘oqlar” axlat qutisiga yetib borguncha odamlar ongini zaharlashga, tuyg‘ularini sayozlashtirishga ulgurishidir.    

Yana bir mulohaza. Odatda, oila quriladi, bola tug‘iladi va biz bola uchun sharoit yaratishga harakatni boshlaymiz. Aslida esa ota-ona farzand ko‘rishga ruhan tayyor bo‘lishi, bolaga zarur sharoitni yaratishi va undan keyin farzand ko‘rishni rejalashtirsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Qolaversa, shunday yo‘l tutilsa, sog‘lom farzand dunyoga kelishi ko‘paygan, kutilgan farzand esa oilani yanada mustahkamlagan bo‘lar edi.        

Hech kimga sir emas, biz yashayotgan jamiyat oilalardan tarkib topadi. Jamiyat batartib, sog‘lom bo‘lsa, unda yashash ko‘ngildagidek bo‘ladi. Jamiyatdagi barqarorlik, o‘z-o‘zidan mamlakat barqarorligini ta’minlovchi muhim omilga aylanadi.  

Shunday ekan, oilalarda kechayotgan holatlar, ayniqsa, ajrimlar ko‘payganiga panja orasidan qarashga haqqimiz yo‘q.  

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA