Qarshida Qashqadaryo viloyat sudi, prokuraturasi, oila va xotin-qizlar, ichki ishlar, adliya, sog‘liqni saqlash va majburiy ijro boshqarmalari hamda Xalq deputatlari viloyat kengashi hamkorligida “Oila institutini mustahkamlash borasida yangicha yondashuv asosida hamkorlikda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etib, bugungi kunda oilalarni mustahkamlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar, bu borada yangicha yondashuvning ahamiyati va bunda har bir mas’ul sohaning roli xususida to‘xtalib o‘tdi.

Seminar davomida viloyatdagi sudlar tomonidan joriy yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi. Shuningdek, hamkorlikdagi dasturlar doirasida kelgusi vazifalar belgilab olindi.

Tadbirda nikohlanuvchi yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash kurslarida o‘qitish masalalari, ajrimlarni oldini olish borasidagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi. Ajrim yoqasida turgan oilalarga huquqiy yordam ko‘rsatish zarurati, nizoli va muammoli oilalar bilan ishlashda belgilangan ustuvor vazifalar haqida axborot berildi.

Shuningdek, nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, reproduktiv salomatlikni targ‘ib qilish, erta tug‘ruqlarning oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda voyaga yetmaganlar foydasiga aliment undirish bilan bog‘liq jarayonlar tahlil qilindi.

Shuningdek, oilalarni mustahkamlashda mas’ul sohalar va jamoatchilikning o‘rnini oshirish, oilaviy ajrimlarning oldini olishda samaradorlikka erishish choralari va bu borada hamkorlikda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri