Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, “Sabr qilsang hammasi yaxshi bo‘ladi», “Uydagi gapni ko‘chaga chiqarma” kabi iboralar avloddan avlodga o‘tib, ko‘plab taqdirlarning buzilishiga sabab bo‘lib kelgan.
Statistik raqamlar 2021-2022 yillarda mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlariga ayollar va qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 72 mingdan ziyod murojaat kelib tushganini ko‘rsatmoqda. Ularning qariyb 61 mingdan ko‘pi yoki 85 foizi oilada sodir etilgan.
Qayd etilishicha, o‘tgan yillar davomida O‘zbekistonda “oiladagi zo‘ravonlik» atamasi tilga olinmagan. Uning o‘rniga “oilaviy nizolar” atamasi qo‘llanilgan. Bunday atama muammoni darhol to‘sib qo‘ygan. Bugunga kelib, zo‘ravonlik qurbonlarini himoya qilish mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha harakatlar boshlandi.

Yaqinda, joriy yilning 11 aprel kuni “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik" ya’ni xotiniga yoki eriga, sobiq xotiniga yoxud sobiq eriga, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan zo‘rovonlik uchun tegishlicha ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik choralari belgilab qo‘yildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning ta’kidlashicha, mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, bu borada konstitutsiyaviy-huquqiy, qonunchilik, institutsional va amaliy kafolatlarni mustahkamlash yo‘lidagi tub yangilanish islohotlari izchil davom ettirilmoqda. 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida inson qadri ustuvorligi hamda inson huquqlarini ta’minlashda “hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyiliga asoslangan istiqboldagi ustuvor maqsadlar va asosiy vazifalar belgilab berilgan.
Shuni alohida qayd etish lozimki, yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasida birinchi marotaba har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli ekanligi mustahkamlab qo‘yilmoqda. Qonunchilikka kiritilayotgan bu o‘zgartirish fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini ta’minlaydi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA