Avval xabar berilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamovaning “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Unda Bosh vazir o‘rinbosari xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash, kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga ko‘maklashish, gender tenglikni ta’minlash borasidagi tizimli chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, yurtimizda ushbu sohada 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Olib borilayotgan faol islohotlar natijasida xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foiz, tadbirkorlik sohasida 45 foizga yetdi.
— Xotin-qizlarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlarning ulushi 52,2 foizni tashkil etdi, — dedi Z.Mahkamova. — Birgina 2022–2024 yillar davomida ta’lim olayotgan 397 ming xotin-qizlarga 4 trillion 298 million 400 ming so‘m, shundan 2024 yilda 968,9 milliard so‘m miqdorida 7 yil muddatga foizsiz ta’lim kreditlari ajratildi. Qo‘mita tavsiyanomasi bilan davlat granti asosida 2020-2024 yillarda 8 ming 653 nafar ehtiyojmand xotin-qizlar oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi.
Besh yillik mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotli bo‘lmagan 500 nafar xotin-qizlarga qo‘mita tomonidan tavsiyanomalar berish tizimi orqali oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida 2022–2024 yillarda 1 ming 256 nafar xotin-qizlar ushbu imtiyoz orqali oliy ta’limga o‘qishga qabul qilindi. 2021–2024 yillar davomida esa 6 ming nafarga yaqin muhtoj yolg‘iz ayollar va boquvchisini yo‘qotgan qizlarni oliy ta’limdagi kontrakt to‘lovi mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qoplab berildi.
Majlisda qayd etilganidek, opa-singillarimizning mehnat huquqlarini himoya qilish bo‘yicha 2023-2024 yillarda Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan jami 34 ming 845 ta o‘rganishlar o‘tkazilgan. Bu tadbirlar davomida ayollarga nisbatan sodir etilgan mehnat munosabatlaridagi qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan 5 ming 102 ta yozma ko‘rsatma, 130 ta taqdimnoma va 3 ming 389 ta ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.
2024 yilda “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” tanlovi o‘tkazilishi natijasida ibratli oilalar soni 45 ming 225 taga oshdi. Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlarida 200 mingdan ziyod nikohlanuvchilar o‘qitildi. Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilaviy nizolarning oldini olish hamda xotin-qizlarga huquqiy tibbiy va psixologik yordamlar ko‘rsatish maqsadida 15 ta tumanda “Oila va xotin-qizlar maskanlari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilda barcha tumanda to‘liq yo‘lga qo‘yilishi aytib o‘tildi.
Shuningdek, qo‘mita raisi xotin-qizlar bandligini ta’minlash, muammoli ayollarga ko‘maklashish, tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish, ularni ijtimoiy himoya qilish, sog‘ligini tiklashida yordamlashish, ayollarga psixologik ko‘mak ko‘rsatish kabi yo‘nalishlardagi amaliy ishlar haqida ham batafsil ma’lumotlar berdi.
Muhokamalarda deputatlar bir qator savollarni o‘rtaga tashladilar. Xususan, nizoli oilalar borasida joylarda muammolar borligi qayd etildi.
[gallery-22324]
Mahallalardagi xotin-qizlar faolining ishi KPI tizimi asosida baholanishi nizoli oilalar sonini kamaytirib ko‘rsatishga sabab bo‘lmaydimi, degan savol o‘rtaga tashlandi. Bunga javoban qo‘mita raisi nizoli oilalar masalasi faqatgina xotin-qizlar faoli emas, balki profilaktika inspektori va boshqa vakillar ishtirokida o‘rganilayotgani hamda bu masala KPI tizimidan chiqarilganini ma’lum qildi.
Majlis kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olinib, parlament eshituvi yakuni bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA