AOKAda 2025 yilning o‘tgan davrida oila va xotin-qizlar bilan ishlash sohasida amalga oshirilgan ishlar hamda istiqboldagi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Umida Abdullayeva mavzu yuzasidan ommaviy axborot vositalari xodimlariga batafsil ma’lumot berdi.
E’tirof etilganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yangi O‘zbekistonda ayol va bola huquqlarini ta’minlash, ularni har tomonlama himoyalash uchun xalqaro standartlarga asoslangan huquqiy va institutsional baza shakllantirildi. “Ayolni e’zozlash – ezgulik va adolat mezoni” degan g‘oyani hayotga tatbiq etish maqsadida ayollarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy, huquqiy, psixologik, tibbiy yordam berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Xotin-qizlar turli soha va tarmoqlarda samarali faoliyat yuritib, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
[gallery-24248]
2017 yilda boshqaruv sohasida xotin-qizlar o‘rtacha 27 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu raqam 35 foizga yetdi. Ayollar ulushi tadbirkorlik sohasida 45 foiz, siyosiy partiyalar tarkibida 49 foizni tashkil etmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi, Senat a’zolarining esa 27 foizi, Xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlarining 32 foizi xotin-qizlardir. Bu natijalar siyosiy iroda, xalqchil yondashuv va eng muhimi, ayolning imkoniyatiga bildirilgan yuksak ishonch samarasidir.
Huquqiy baza, moliyaviy yordam, kasb-hunar o‘rgatish, subsidiyalar, imtiyozlar – barchasi xotin-qizlar uchun keng imkoniyat eshiklarini ochdi. Bu borada milliy tajriba – O‘zbekiston modeli yaratildi. Xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘nalishida 100 ga yaqin hujjatlar qabul qilindi.
Joriy yilda sohaga doir 8 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining 1053-son qonuni imzolandi.
Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, Oila kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilayotganda sud oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsning talabiga ko‘ra yarashish uchun muhlat tayinlamasligi belgilandi.
Uy-joy kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, turar-joydan foydalanish haqidagi nizolar ko‘rib chiqilayotganda sud taraflarning kelishuviga asosan turar-joy mulkdorining tashabbusiga ko‘ra turar-joyga majburiy tartibda kiritilayotgan tarafni turar-joy mulkdoriga tegishli mutanosib sharoitlarga ega bo‘lgan boshqa turar joyga kiritish yoki ijaraga olingan turar-joy uchun ijara haqini to‘lash majburiyatini mulkdorning zimmasiga yuklatishi mumkinligi belgilandi.
Prezident qaroriga ko‘ra, 28 nafar qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Natijada ushbu nufuzli mukofot bilan taqdirlangan qizlar soni 480 taga yetdi. Jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan, shuningdek, Vatan himoyasi yo‘lida farzandlari halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning va Olimpiya hamda Paralimpiya chempionlarining onalari – 333 nafar ayol “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 9 iyundagi 322-sonli qaroriga muvofiq, 3 ming 856 nafar mutaxassisligi bo‘yicha 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumoti yo‘q talabgor xotin-qizlarga tavsiyanoma berildi.
Hukumatning 2020 yil 23 iyundagi 402-sonli qaroriga muvofiq, 14 ming 99 nafar ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan talabgor xotin-qizlarga tavsiyanoma berildi.
Joriy yil boshida 30 yoshdan yuqori bo‘lgan 7 million 638 ming 646 nafar xotin-qizlar bilan suhbatlar o‘tkazilib, anketa-so‘rovnomalari to‘ldirildi. Natijada “Ayollar daftari”ning 6-bosqichiga respublika bo‘yicha 1 million 22 ming 476 nafar xotin-qizlar kiritildi. Shu kungacha ulardan 763 ming 779 nafariga amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 martdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda 7 martdagi 96-son qarori ijrosi yuzasidan respublika bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.
2025 yilda xotin-qizlarni daromadli mehnat bilan ta’minlash, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, oliy ta’lim bilan qamrab olish, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida daromadli mehnat bilan ta’minlash bo‘yicha hududlar kesimida prognoz ko‘rsatkichlar tasdiqlandi. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha o‘quv dasturlari tasdiqlandi.
Joriy yilning o‘tgan davrida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlarini bajarish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 156 ming 290 nafar xotin-qiz kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. Bunda, 117 ming 911 nafari kasb-hunarga, 24 ming 357 nafari tomorqadan daromad topishga, 8 ming 569 nafari xavfsiz migratsiya tamoyili asosida xorijiy til va kasb-hunarga, 5 ming 453 nafari daraxt va gul ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha o‘qitildi.
Tijorat banklari tomonidan joriy yil 1 iyun holatiga 174 ming 885 nafar xotin-qizga salmoqli miqdorda kredit mablag‘lari ajratilgan. Shundan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 82 ming 558 nafar xotin-qizga 1 milliard 294,5 million so‘m kreditlar ajratilgan. Shu yilning o‘tgan davrida 1 million 690 ming 136 nafar xotin-qiz daromadli mehnat bilan ta’minlandi.
Shundan, 358 ming 264 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlandi. Xususan, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan 110 ming 36 nafar, tijorat banklari tomonidan 248 ming 228 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlandi.
Oilada huquqiy madaniyatni oshirish, ular o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish yo‘nalishida ham qator tashkiliy va amaliy ishlar olib borildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvardagi “Respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
“Xonadonbay” ishlash orqali xotin-qizlarning turmush tarzi va oilaviy sharoitini o‘rganish natijasida huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli bo‘lgan 13 ming 759 ta muammoli oilalar hamda 3 ming 860 nafar alohida toifadagi xotin-qizlar aniqlandi. Ularga “Oqila ayollar” harakati a’zolari va boshqa ijtimoiy faol ayollardan iborat jami 17 ming 716 nafar “tarbiyachi-ma’naviy homiy”lar biriktirildi. Natijada 11 ming 65 ta oiladagi turli ijtimoiy maishiy muammolar hal etildi, 2 ming 951 nafar xotin-qizlarning ijtimoiylashuvi ta’minlandi.
Tarbiyasi og‘ir va muntazam dars qoldiradigan 3 ming 248 nafar maktab o‘quvchi-qizlarning ota-onalari bilan yakka tartibdagi suhbatlar o‘tkazilib, 2 ming 53 nafar o‘quvchi-qizlar maktablarga qaytarildi va 1 ming 268 nafari turli fan va ijodiy to‘garaklarga jalb etildi.
“Xavfsiz oila” moduli orqali Oila-turmush munosabatlari doirasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida sudlarda nizolashayotgan 48 ming 711 ta nizoli oilalarning 29 ming 467 tasi o‘rganildi va 13 ming 984 tasida nizolar sudgacha hal etildi.
Hududlarda o‘tkazilayotgan targ‘ibot kompaniyalarida axborot-ma’rifiy komandalar tomonidan jami 67 ming 196 ta targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Tadbirlarga 209 ming 342 nafar faol targ‘ibotchilar jalb etildi. Tadbirlarda jami ishtirok etganlar 368 ming 504 nafarni tashkil etdi.
“Ye-ijtimoiy profilaktika” axborot tizimida xotin-qizlar faollariga yuborilgan xulosalar ijrosi to‘g‘risida, xotin-qizlar jinoyatchiligi hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonliklar, shuningdek, xotin-qizlar o‘rtasida o‘z joniga qasd va suiqasd holatlari, nizoli oilalar bilan ishlash, odam savdosi, migratsiya yo‘nalishlarida amalga oshirilgan ishlar muntazam tahlil qilinib bordi.
Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borildi. O‘tgan yilning o‘zida tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish borasida 2 ta qonun, 1 ta Prezident qarori, 2 ta Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi. Ularga ko‘ra, xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, qonuniy manfaatlari himoya qilinmoqda.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni himoya qilish maqsadida zo‘ravonlikdan jabrlangan va tazyiqqa uchragan 55 ming 757 nafar xotin-qizga “himoya orderi” rasmiylashtirildi. Eng muhimi, 22 ming 527 ta oila yarashtirildi va 28 ming 193 ta nizolarning asl sabablari bartaraf etildi. Himoya orderi berilgan 9 ming 275 nafar tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan zo‘ravon shaxslar tuzatish dasturiga yo‘naltirildi.
Yurtboshimizning 2025 yil 3 yanvardagi “Respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori 2025 yilda amalga oshiradigan ishlar uchun dasturilamal bo‘ldi. Har bir tuman (shahar)da “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari” faoliyatini “oila-mahalla-ta’lim muassasasi” tamoyili asosida tashkillashtirishning har oylik sifat indikatorlari belgilanishi yo‘lga qo‘yilib, faoliyati ustidan nazorat o‘rnatildi.
Mahallalarda, ta’lim muassasalarida va barcha mehnat jamoalarida targ‘ibot kompaniyalarini kuchaytirish bo‘yicha har bir hudud va tuman (shahar)larda profilaktik va axborot-ma’rifiy guruhlar shakllantirildi. Natijada sodir etilgan jinoyatlarning sabablari va omillarini o‘rganish orqali nizoli oilalar va huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli bo‘lgan xotin-qizlar bilan manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Anjumanda 2025 yilning ikkinchi yarmida amalga oshiriladigan ishlar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.
Nazokat Usmonova,
Oybek Pardayev(suratlar), O‘zA