Chirchiq shahrida zamonaviy, shinam va barcha talablarga mos “Oila va xotin-qizlar maskani” foydalanishga topshirildi.
Maskanni ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Mahkamova, viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i N.Normirzayeva, Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi raisi S.Fayziyeva hamda Chirchiq shahar hokimi Murodjon Abdurahimov ishtirok etdi.

Mazkur maskanni bunyod etishdan maqsad – oilaviy munosabatlarda barqaror muhitni ta’minlash, xotin-qizlar va yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligi hamda iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlashdan iborat.

Bu yerda nikoh yoshidagilar, yosh oilalar va nizoli oilalar uchun maxsus psixologik, huquqiy va tibbiy maslahatlar beriladi. Shuningdek, xotin-qizlarning tadbirkorlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, milliy liboslarni targ‘ib etish bo‘yicha o‘quv kurslari va ko‘rgazmalar tashkil etiladi.

Maskan huzurida “Sog‘lom ona – sog‘lom bola”, “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash”, “Xotin-qizlar bandligini ta’minlash”, “Oilaviy ajrimlarning oldini olish” kabi yo‘nalishlarda maxsus kunlar joriy etilgan. Ushbu tadbirlar doirasida oilalar bilan individual ishlash, mediatsiya va korretsion dasturlar orqali muammolarni hal etish nazarda tutilgan.

Yangi markazda tadbirkorlikni boshlayotgan xotin-qizlarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish, elektron tijorat imkoniyatlarini o‘rgatish hamda ustoz-shogird an’analari asosida master-klass o‘tkazish rejalashtirilgan.
A. Musayev, O‘zA