Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda viloyat hokimligi hamkorligida “Oila va nikoh muqaddas” mavzusidagi keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy forum bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu forum jamiyatning asosiy tayanchi bo‘lgan oila institutini yanada mustahkamlash, milliy qadriyat va an’analarni asrab-avaylash, yosh avlod ongida nikoh va oilaga nisbatan mas’uliyat, hurmat va sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishga qaratilgan muhim ijtimoiy platforma sifatida tashkil etildi.
Forumda viloyat adliya, prokuratura, sud, ichki ishlar idoralari, Migratsiya agentligi viloyat bo‘limi, oliy ta’lim muassasalari, “Nuroniy” jamg‘armasi, sog‘liqni saqlash tizimi, kasaba uyushmalari, banklar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari, oila va xotin-qizlar hududiy bo‘limlari rahbarlari, mahalla xotin-qizlar faollari, oqila ayollar, jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.
Forumning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Bosh vazirning o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda oila institutini mustahkamlash ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanganini ta’kidladi.
–Yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning markazida inson manfaati, uning qadr-qimmati turibdi, –dedi u. –Shu nuqtai nazardan qaralganda, oila institutini mustahkamlash, ibratli oilalar tajribasini ommalashtirish, sog‘lom oila muhitini shakllantirish va ularni rag‘batlantirish davlat siyosatining ajralmas qismi hisoblanadi. Yangi O‘zbekiston strategiyasida oilaga “insonga insonparvarlik, yaxshi xulq, ma’naviyat, ta’lim-tarbiya va ijobiy fazilatlarni o‘rgatuvchi maktab” sifatida yuksak ijtimoiy maqom berilgani bejiz emas.
Forum davomida oila va nikohning muqaddasligi, milliy qadriyatlar tizimida oilaning tutgan o‘rni, ajrimlar sabablari va ularni keltirib chiqarayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy omillar, erta nikoh va erta tug‘ruqlarning salbiy oqibatlari, ularning oldini olish mexanizmlari, oilalar barqarorligini ta’minlash, sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, xotin-qizlarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, yoshlarni mustaqil oilaviy hayotga tayyorlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
[gallery-27717]
Mutaxassislar, soha ekspertlari hamda amaliy faoliyat vakillari tomonidan zamonaviy globallashuv sharoitida oila institutiga tahdid solayotgan omillar tahlil etildi. Oilaviy barqarorlikni ta’minlashning huquqiy, ijtimoiy, ma’naviy va ma’rifiy mexanizmlari bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar bildirildi. Jumladan, ajrimlarning oldini olish bo‘yicha profilaktik ishlar tizimini kuchaytirish, oilalar bilan individual ishlash amaliyotini joriy etish, psixologik xizmatlar faoliyatini kengaytirish, nikoholdi tayyorgarlik kurslarini samarali tashkil etish, mahalla, ta’lim muassasalari va jamoat tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Forum doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, taqdimotlar, amaliy muhokamalar, tajriba almashuv maydonlari ham tashkil etildi. Ularda ibratli oilalar tajribasi, oilaviy tarbiyaning samarali modellari, oilada milliy qadriyatlarni saqlash va zamonaviy hayot talablariga moslashtirish bo‘yicha amaliy misollar keng targ‘ib qilindi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari