Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oila tinch bo‘lsa, jamiyat farovon bo‘ladi
16:43 / 2021-05-10

O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutida “Pandemiya sharoitida oilada tinchlik va totuvlikni saqlashning dolzarb vazifalari va muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

15 may — Xalqaro oila kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda institut faollari, O‘zbekiston Milliy, Toshkent davlat pedagogika, Farg‘ona va Samarqand davlat universitetlari vakillari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti direktori, pedagogika fanlari doktori, professor Nodira Egamberdiyeva jamiyatda oilaning o‘rni, pandemiya sharoitida oilada tinchlik va totuvlikni saqlash borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:  

— Oila hayot abadiyligi, avlodlar davomiyligini taminlaydigan, muqaddas urf-odatlarimizni sayqallaydigan, kelajak avlodlarni voyaga yetkazadigan ijtimoiy makondir. Shuning uchun xalqimiz oilani “tarbiya o‘chog‘i”, deydi. Oilaviy qadriyatlarning hayotimizdagi o‘rni alohida ahamiyatga ega. Qadriyatlar tizimi buzilgan bo‘lsa, jamiyat kasallanadi, sog‘lom bo‘lsa, jamiyatimiz ham sog‘lom hayot kechiradi. Oila qo‘rg‘onining mustahkam bo‘lishi uchun xalqimizga xos sabr-qanoat, o‘zaro hamjihatlik, mehr-oqibat singari fazilatlarga amal qilib yashash lozim. Oilaviy qadriyatlarni, insoniy fazilatlarni ulug‘lash, azaliy an’analarga sodiqlik baxt va saodat maskani bo‘lgan oilani mustahkamlaydi. Ayniqsa, yoshlarni yuksak odob-axloq tamoyillari asosida tarbiyalash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, kasb-hunarga o‘rgatish, ongi va qalbini g‘oyaviy tahdidlardan himoya qilish, shuningdek, mustaqil oilaviy hayotga tayyorlashga yo‘naltirilgan, o‘ziga xos mazmunga ega tadbirlarni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi, — dedi N.Egamberdiyeva.

Anjumanda qayd etilganidek, COVID-19 pandemiyasi va karantin sharoiti butun dunyo miqyosida har bir inson, har bir oila taqdiriga o‘ziga xos ta’sirini o‘tkazgan umumbashariy ijtimoiy voqelik bo‘ldi. Ushbu sinov davrida dunyo aholisi ham ma’naviy, ham moliyaviy jihatdan qiyin ahvolda qoldi. Shu bois odamlarga ma’naviy-psixologik jihatdan ham, moddiy tomonlama ham ko‘mak berish dolzarb masalalardan biriga aylandi.  

Shunga ko‘ra, “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutida mazkur mavzuning turli qirralari, iqtisodiy, ijtimoiy, oilaviy muammo va mojarolar, shaxs psixologiyasi va undagi o‘zgarishlar, oilaviy ajrimlar, keskinlikning ortishi kabilarning barchasi muhokamaga qo‘yildi.

Konferensiyada olim va mutaxassislar tomonidan oila masalalariga oid eng dolzarb muammolar muhokama qilindi. “COVID-19” koronavirusi tarqalishi munosabati bilan e’lon qilingan pandemiya va majburiy karantin sharoitida oilalar duch kelgan muammolar va ularning yechimlari, O‘zbekistonda oila psixologiyasi sohasini rivojlantirish, amaliy holat tahlili, vazifalar va yechimlar masalasi, pandemiya sharoitida shaxslararo muloqotning psixologik aspektlari, bu boradagi muammolar, pozitiv yechimlar va transformatsiyalar, pandemiya sharoitida oilada tinchlik va totuvlikni saqlashning milliy-an’anaviy va zamonaviy-innovatsion usullari, pandemiya sharoitida oilaviy nizo va ziddiyatlarning oldini olishda mahalla, amaliyotchi psixologlarning o‘rni kabi masalalar doirasida ma’ruzalar tinglandi.  

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda oilalarning har tomonlama to‘kis, baxtli hayot kechirishi, oila institutini yanada mustahkamlashga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammo va kamchiliklarni bartaraf etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yordamga muhtoj, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilalar manzilli qo‘llab-quvvatlanmoqda, ayollar va yoshlar bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilyapti. Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilalarning ma’naviy-axloqiy ildizlari va an’anaviy qadriyatlarini mustahkamlash, shuningdek, erta nikoh, oilalardagi nizoli holatlar va ajrimlarning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikni bartaraf etish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” kabi tizim yo‘lga qo‘yildi. “Yoshlarni oilaga tayyorlash markazlari”, “Yoshlarni jadallashgan tarzda kasb-hunarga o‘rtgatuvchi monomarkazlar”, “Ayollar maslahat kengashlari” va Respublika xotin-qizlarining jamoatchilik Kengashi kabi yangi tizimlar hayotimizga kirib keldi. Mazkur chora-tadbirlardan maqsad yagona — aholini rozi qilish, pandemiya sharoitida ularni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.  

Anjumanda zarur tavsiyalar ishlab chiqilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.  

Muhtarama KOMILOVA, O‘zA