Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Oila sudyalari” tashkil etiladi
18:17 / 2023-12-27

Joriy yilning 21 dekabr kuni Prezidentimizning “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga binoan, 2024 yilning 1 yanvaridan Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlarda oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusi shakllantiriladi. 

2024 yilning 1 fevralidan esa tajriba tariqasida fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar, Namangan tumanlararo va Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudlarining 2 nafardan sudyasini oilaviy nizolarni ko‘rish bo‘yicha ixtisoslashtirgan holda ushbu sudlarda “Oila sudyalari” tashkil etiladi. 

Shuningdek, qarorda Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining nikohdan ajralish uchun ariza bergan oilalarni yarashtirish yuzasidan ijobiy tajribasini bosqichma-bosqich boshqa sudlarga tatbiq etish bo‘yicha moliyaviy asoslantirilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishi va bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taqdim etishi haqida ham so‘z boradi. 

Ushbu qarorning ahamiyati haqida gapiradigan bo‘lsak, u imkon qadar oilalardagi ajrimlarni kamaytirishga qaratilgan. Raqamlarga nazar solsak, joriy yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda nikohdan ajralishlar soni 25 400 tani tashkil etib, 2022 yilning mos davriga nisbatan 828 taga ko‘p bo‘ldi. Ushbu ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, ajralishlar soni ortib bormoqda. To‘g‘ri, sud bu jabhadagi oxirgi qadam, chunki, yoshlar ajrashish uchun ariza berishga keldimi, demak, ularning qaysi birinidir yoki ikkalasining ham tarbiyasida qandaydir oqsoqlik bor. Sud shu zahoti ulardagi ana shu kemtik jihatlarni tuzatib qo‘ya olmaydi, albatta. Lekin, mazkur yo‘nalishda ixtisoslashgan oila sudyalari yoshlarga yoki ularning ota-onalariga tushuntirishlar berish orqali ajrimlarning oldini olishga ko‘maklashadi. 

Davlatimiz rahbarining qarorida bekorga oila sudyalarining faoliyatini yo‘lga qo‘yishga e’tibor berilgani yo‘q. Sababi, shu oilalarda kelajakda olimlar, sportchilar, madaniyat va fan arboblarining tarbiyalanishi yoki jinoyatchi, giyohvand yoinki o‘g‘rilar yetishib chiqishi mumkin. Ma’rifatli oilaning farzandlari davlat va jamiyatni rivojlantiradi. Ma’rifatsiz oilada esa, aksincha. 

Ixtisoslashgan oila sudyalari orqali yoshlardagi yoki ularning ota-onalaridagi kamchiliklar bartaraf etilib keyingi hayotlari yanada chiroyli davom etadi, deb umid qilib qolamiz. 

Abulqosim Ro‘ziqulov, 

Surxondaryo viloyat sudi raisi.