Buxoro viloyati Kogon tumani Bahouddin Naqshband mahallasida yashovchi Muxlisa Botirovaning turmush o‘rtog‘i avtohalokat sabab jazoni ijro etish muassasasiga tushib qoldi. Ikki farzand bilan kun kechirish unga nafaqat ruhiy zarba, balki oilaning moddiy ahvoliga ham og‘ir ta’sir ko‘rsatdi.
Mahalla ijtimoiy xodimi oilaning ahvolini o‘rganib, zarur yordamlarni ko‘rsatishga kirishdi. Birinchi navbatda xonadonning ta’mirga muhtojligi inobatga olinib, homiylar ko‘magida u to‘liq ta’mirlandi. Muxlisa opa chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi.

Oradan vaqt o‘tib, turmush o‘rtog‘i jazoni o‘tab chiqib, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ishga joylashtirildi. Hozirda esa Muxlisa opaga nogironlik guruhi tayinlash bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.
Ko‘rsatilgan ijtimoiy xizmatlar va berilgan ko‘mak Muxlisa opaning hayotga bo‘lgan ishonchini tiklashga, oilaning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilashga xizmat qildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.