English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oila qurishdan maqsad — jamiyat ravnaqiga hissa qo‘shish
20:08 / 2022-02-08

MUNOSABAT

Joriy yilning 21 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda psixolog Nargiz Sattarovaning "Oila qurishning nima keragi bor?" mavzusida videosuhbati tarqaldi. Ushbu videodagi ayrim ta’kidlar ijtimoiy tarmoqlardagi jamoatchilik orasida keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Quyida xalqimiz uchun muqaddas bo‘lgan oila tushunchasi haqida va oila qurish nima uchun kerakligi borasida so‘z boradi.

Inson borki, oilada tug‘iladi, voyaga yetadi. Oilalardan jamiyat tashkil topadi. Baxtli va farovon oilalar ko‘paysa, jamiyat rivojlanadi.

Oila – ijtimoiy hayotning abadiyligini, avlodlarning davomiyligini, tarbiyaning uzluksizligini ta’minlaydigan, kelajak avlod, qadriyatlar tizimiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadigan ijtimoiy makon.

Oila erkak va ayol o‘rtasidagi rasmiy nikohga asoslangan, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlardan tashkil topgan, jamiyatning axloqiy me’yorlari va qoidalari qo‘llab-quvvatlanadigan, insoniyat madaniyatini kelajak avlodga yetkazib beradigan va uni rivojlantiradigan birlamchi ijtimoiy guruhdir.

Darhaqiqat, globallashuv jarayonlarining jadallashuvi oilaviy qadriyatlarning himoya qilinishini ham kun tartibiga qo‘ymoqda. Jamiyatda zamonaviy tendensiyalar: iqtisodiy integratsiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining taraqqiy etishi va global Internet tarmog‘ining keng quloch yoyishi bilan oilaviy munosabatlar madaniyatining pasayishi va an’anaviy qadriyatlarga nisbatan oila a’zolarida yangicha munosabatning shakllanishiga ta’sir qilmoqda.

Bu esa, albatta, jamiyatimizda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish hamda yoshlar ongida oila muqaddasligi tushunchasini singdirib borishni birlamchi vazifa etib belgilamoqda.

Ming afsuski, jamiyatda oila muqaddasligi va er-xotin o‘rtasidagi iliq va samimiy munosabatlarning zarurati hamda qadriyat ekanligiga shubha tug‘diruvchi ba’zi fikr va mulohazalar hamda chaqiriqlar jaranglamoqdaki, bu borada keskin fikr-mulohazalar bildirish zarurati tug‘ilmoqda.

2021 yil 21 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Nargiz Sattarovaning "Oila qurishni nima keragi bor?" mavzusida videosuhbati tarqaldi. Ushbu videosuhbatni 70 mingga yaqin kishi tomosha qilgan. Ushbu videodagi ayrim ta’kidlar ijtimoiy tarmoqlardagi jamoatchilik orasida keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Bu yerda to‘liq videodan kesib olingan parcha – «Er nima uchun kerak?», «Oila nima uchun kerak?» singari fikrlari keskin bildirilgan. Videoga to‘liq e’tibor qaratiladigan bo‘lsa, psixologik maslahatlar savol-javoblar shaklida bayon qilingan. Bu borada e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar quyidagilar:

Birinchidan, oilashunos, pedagog va oilaviy psixolog ekspertlarning baholashlariga ko‘ra, mazkur psixologik maslahatlar G‘arb psixologiyasi yondashuviga asoslangan holda olib borilgan. Nargiz Sattarova «Oilaviy munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish»ga oid kursni nima uchun hanuz ochmayotgani haqida gapirib o‘tadi. Buning uchun u «Nima uchun oila quramiz?», «Er nega kerak?», «Zamonaviy ayol o‘zi qanaqa bo‘lishi kerak?» kabi ritorik savollarga javob izlayotganini ta’kidlaydi. Psixolog xizmat safarida Respublikaning chekka hududlarida, viloyat va shahar markazlarida qiynalib yashayotgan ayollarni ko‘rganini ta’kidlaydi. Keyingi video murojaatlarida esa, o‘zi ham ikki nafar farzandi bilan uy-joysiz qolib ketgani, qiyinchiliklarga uchragani haqida fikr bildiradi. Qolaversa, psixologning harakatlarida hissiyotga berilish, ayrim holatlarda o‘z fikrini auditoriyaga singdirish holatlari hamda irratsional yondashuvlar ham kuzatiladi. Nargiz Sattarovaning kamchiligi, ritorik savollarni xulosasiz va izohsiz qoldirishidadir. Bu esa psixolog etikasi hamda psixologik maslahatlar qoidalariga zid tarzda yondashilganligi, uning tinglovchilarining ong ostida o‘zi bilmagan tarzda «oila» va «er» kabi tushunchalarning salbiy jihatdan shakllanishiga sabab bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Ikkinchidan, keng omma orasida bu masalada ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvli, keng muhokama avj oldi hamda ba’zilarning e’tirozi kuchaydi. Ayrimlarning biroz o‘ylanib, ongida savollar tug‘ilishiga sabab bo‘ldi: «Oila va er o‘zi kerakmi?» Ayrim yosh qizlar esa Tik-Tokda istehzoli videolarni ham tayyorlab ulgurishdi. Bunday holatlarga ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘plab sahifalarda professional va havaskor blogerlar tomonidan videoning keskin, noroziliklarga olib keladigan qismlarini umumiy kontekstdan kesib olingan holda tarqatilishiga sabab bo‘lmoqda. Bu ham o‘z navbatida ijtimoiy tarmoqda ma’lumot tarqatish tartib qoidalari va mezonlarini buzish, moliyaviy manfaat ortidan «sun’iy debat va mushohada»ni yuzaga keltirib, jamoatchilikning e’tiborini qozonishga erishish, o‘z kuzatuvchilarining sonini oshirishni ko‘zlashdan o‘zga narsa emas.

Uchinchidan, oilalarga ta’sirchan metodik-konsultativ yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish, ijtimoiy ish xodimlarini, huquqshunoslar, oilaviy psixologlarni tayyorlash dolzarbligicha qolmoqda. Mana shunday bir pallada psixologni obro‘sizlantirish, ularga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatining o‘sishiga sabab bo‘ladigan tarzda yengil yondashuvga olib kelmoqda.

Vaholanki, oila va oilaviy baxtga erishish, juft bo‘lib hayot kechirishning ijobiy tomonlari ilmiy asoslangan.

Xo‘sh, kim baxtliroq? Oilali insonmi yoki erki o‘zida bo‘lgan mustaqil shaxsmi? Bu borada xorij tadqiqotlari va milliy tadqiqotlar nimalarni ko‘rsatmoqda?

Umuman olganda, turmush qurgan insonlar turmush qurmagan yoki turmushi buzilgan, turmush o‘rtog‘ining o‘limi sababli yolg‘iz qolgan insonlardan ko‘ra baxtliroq bo‘lar ekan. AQSHda o‘tkazilgan jami 58 ta ilmiy tadqiqotning xulosalari umumlashtirilganda olingan natijalar sub’ektiv baxtlilik hissi va oilaviy turmush o‘rtasidagi o‘zaro aloqani yolg‘izlikka nisbatan olgan holda yuqoriligini ko‘rsatdi. Erkaklar o‘rtasida bu ko‘rsatkich ayollarnikiga nisbatan ancha yuqori bo‘lib, o‘rta yoshli va qariyalarga nisbatan yoshlar orasida ham ancha yuqori ko‘rsatkichni namoyon qilgan.

Aslida o‘zaro oilaviy munosabatlarning turli ko‘rinishlari baxtlilik hissining paydo bo‘lishiga, zo‘riqishni bartaraf etishga va salomatlikni mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin ekani olib borilgan tadqiqotlar natijalarida o‘z isbotini topmoqda.

Oila qurgan insonlar turmush qurmagan yoki turmushi buzilgan, turmush o‘rtog‘i o‘limi sababli yolg‘iz qolgan insonlarga nisbatan kamroq ruhiy buzilishlarga chalinar ekanlar. Ayrim tadqiqotlar shuni isbotladiki, umuman turmush qurmagan erkaklar oilali erkaklarga nisbatan ruhiy buzilishlarga chalinish ehtimoli 3,13 marta yuqori bo‘lar ekan.

Ayrim sabablarga ko‘ra alohida yashovchi er va xotin, turmush qurmagan, yoki turmushi buzilgan, turmush o‘rtog‘i o‘limi sababli yolg‘iz qolgan insonlar yo‘qotish hissini sezadilar va bu holat albatta ularning yolg‘izlikda kechirgan dastlabki 1‑3 yillari ichida depressiya holatining yuqori darajalarini namoyish qilishlariga sabab bo‘ladi. Bunday vaziyatlar eng stressli vaziyatlar qatorida baholanadi.

Yolg‘iz odamlar, ko‘pincha, bir o‘zlari yoki ota-onalari bilan birga yashaydilar. Bunday vaziyatda ota-onalar past darajadagi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash darajasini namoyish qiladigan bo‘lsalar, ular va farzand orasidagi nizolar turmush o‘rtoqlar orasidagi paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan nizolardan ko‘ra ko‘proq aziyat chekadilar.

«Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqotlardan olingan natijalar ham oila aholi uchun muqaddas institut sifatida o‘z o‘rnini saqlab qolayotganligini namoyon etdi. Jumladan, O‘zbekistondagi oila qurishning asosida, eng avvalo, avlod qoldirish (37,1 foiz), sevimli kishisi bilan birga yashash (25,8 foiz) singari maqsadlar yotishi qayd etildi. Shuningdek, har to‘rtinchi respondent (25,6 foiz) oila qurishda diniy qadriyatlardan kelib chiqqan holda asosiy maqsadini belgilaydi.

Tahlillar mamlakatimizda oilada turmush o‘rtog‘iga nisbatan an’anaviy o‘zaro samimiylik va yaqinlikka asoslangan qarash ko‘proq ahamiyat kasb etayotganligidan dalolat beradi. Respondentlarning qariyb uchdan biri, ya’ni 32,0 foizi o‘z turmush o‘rtoqlarini, birinchi navbatda, sevimli yor, 29,1 foizi esa oilaning boquvchisi, tayanchi, 10,0 foizi eng yaqin maslahatgo‘yi sifatida talqin etadi. Shu bilan birga, tadqiqot natijasida 27,5 foiz respondentlar uchun turmush o‘rtog‘i farzandlar uchun namunali ota yoki ona vazifasini bajarishi ma’lum bo‘ldi.

Olingan natijalar tahlili oilalar uchun o‘zaro hurmat, bir-birini tushunish va ishonch baxtli oilaning asosiy muhim indikatorlari ekanligini ko‘rsatdi va respondentlar tomonidan qayd etilgan bu 3 parametrlarning umumiy yig‘indisi 53.0 foizni tashkil etdi.

Tadqiqot natijalari O‘zbekistonda aksariyat oilalar o‘zlarini baxtli oila sifatida tasavvur qilishlarini namoyon etdi.

Jumladan, bu borada 81,4 foiz respondentlar o‘zlarini to‘liq baxtli, 13,4 foiz oila vakillari esa ma’lum ma’noda baxtli ekanliklarini bildirishdi.

O‘tkazilgan tadqiqotlarimiz natijasida olingan tahliliy ma’lumotlar qadriyatlar tizimi borasida ham insonlar uchun oila eng muhim qadriyat sifatida qayd etilishini, ijtimoiy tarmoqlarda er yoki xotinning oilaviy hayotdagi tutgan o‘rniga nisbatan noto‘g‘ri qarash va talqinlarning asossiz ekanligini yana bir bor isbotladi.

Xulosa o‘rnida aytib o‘tish zarurki, oila va oilaviy munosabatlar, xotin-qizlarning huquqlari, tazyiq va zo‘ravonlik kabi masalalarda ommaviy axborot vositalari orqali turli chiqishlar qilishda G‘arb psixologik yondashuvi va millat tafakkur darajasi, sharqona tarbiya mezonlari o‘rtasidagi farqli jihatlarni inobatga olgan holda yetkazib berish muhimligini e’tiborga olish zarurligini ko‘rsatmoqda.

N.M.Egamberdiyeva,

«Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot

instituti direktori,

pedagogika fanlari doktori, professor

O‘zA